O‘zbekiston | 13:06 / 04.02.2023
5518
2 daqiqa o‘qiladi

Malayziya o‘zbek restoranlari va boshqa ovqatlanish shoxobchalari ochishni rejalashtiryapti

O‘zbekiston elchixonasida «Samarqand – Yangi O‘zbekiston sayyohlik darvozasi» mavzusiga bag‘ishlangan sayyohlik va sarmoyaviy salohiyat taqdimoti, ikki mamlakat sayyohlik industriyasi, mehmonxona biznesi vakillari va restavratorlari o‘rtasida V2V uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Foto: Dunyo

Kuala-Lumpurda o‘zbek oshxonasi yuqori darajadagi restoranlari va tezkor ovqatlanish shoxobchalarini ochish va Janubi–Sharqiy Osiyo bo‘ylab tarmoqlarini kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Samarqanddagi Shashlik.uz restoranlar tarmog‘i va Malayziyaning SEA Business Centre PTE Ltd. korxonasi o‘rtasida Samarqand shahrida gastronomik turizm salohiyatini Malayziyada ommalashtirish va hamkorlikda restoran faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida tegishli Hamkorlik memorandumi imzolandi. Loyiha Kuala-Lumpurning eng gavjum hududlari va poytaxt aholisi hamda mehmonlari uchun diqqatga sazovor joylarda ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Tadbir davomida O‘zbekistonning sayyohlik mahsulotlari va yo‘nalishlari, Silk Road Samarkand xalqaro sayyohlik markazi va yangi Samarqand xalqaro aeroportining imkoniyatlari taqdim etildi.

Uchrashuv  yakunlari bo‘yicha Samarqand viloyati va Malayziyaning sayyohlik kompaniyalari tomonidan «ziyorat turizmi», «madaniy turizm», «etnoturizm», «umra+», «biznes turizm» kabi turpaketlarni rivojlantirish va diversifikatsiya qilish, Samarqand viloyati turoperatorlarining MATTA Fair sayyohlik yarmarkalarida hamda Malayziya tomoni vakillarining har yili o‘tkaziladigan Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida ishtirok etishi bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Bundan tashqari, Kuala-Lumpur shahri ko‘cha va maydonlarida Samarqand viloyatidagi ziyorat turizmi salohiyati targ‘ib qilinadi. Malayziya sayyohlik kompaniyalari uchun O‘zbekistonga info-turlarni tashkil etish ham rejalashtirilgan.

Mavzuga oid