O‘zbekiston | 09:11 / 06.02.2023
7258
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston bo‘yicha ma’lumot BMT rasmiy hujjati sifatida tarqatildi

O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi ma’lumot BMT Bosh assambleyasi 77-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida qabul qilindi va tarqatildi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Hujjat BMTning oltita rasmiy tili - arab, xitoy, ingliz, fransuz, rus va ispan tillariga tarjima qilindi va barcha a’zo davlatlar, BMTning ixtisoslashgan agentliklariga taqdim qilindi, tashkilot jurnali va Rasmiy hujjatlar tizimida A/77/700 raqam ostida joylashtirildi. Unda O‘zbekiston BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini hayotga tatbiq etish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rishda davom etayotgani qayd etilgan.

Davlat boshqaruvi tizimida amalga oshirilayotgan tub islohotlarga ijobiy baho berilgan. Ushbu o‘zgarishlar doirasida davlat xizmatchilarining soni bosqichma-bosqich qisqartirilib, tejalgan mablag‘lar ijtimoiy masalalarni hal etishga yo‘naltirilishi ta’kidlangan.

Nashrda 2023 yil O‘zbekistonda «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili» deb e’lon qilingani, uning asosiy vazifalaridan biri maktab ta’limi sifatini oshirish, o‘qituvchilarning mehnat sharoitlarini yaxshilash hamda ularning rolini oshirish etib belgilanganiga alohida e’tibor qaratilgan. Joriy yilda 70 ta yangi maktab qurish, 460 ta maktabni kengaytirish ko‘zda tutilgani urg‘ulangan. Barcha hududlarda boshlang‘ich sinflar uchun bepul ovqatlanish yo‘lga qo‘yilishi, respublikada Yevropa standartlari bo‘yicha yangi ta’lim dasturi joriy etilayotgani alohida ta’kidlangan.

«Umuman olganda, O‘zbekiston rahbariyati tomonidan belgilangan vazifalarning izchil bajarilishi 2030 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish kun tartibida ko‘zda tutilgan maqsadlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, aholi farovonligini yuksaltirish, respublikadagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishga xizmat qiladi», deyiladi hujjatda.

Mavzuga oid