Iqtisodiyot | 20:33 / 08.02.2023
42792
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqidan O‘zbekistonga eksport miqdori «shubhali» tarzda oshayotgani aytildi

Yevroittifoq Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda uchinchi davlatlar yordam berayotgan bo‘lishi mumkinligidan xavotirda.

Foto: Vladimir Astapkovich/RIA Novosti

Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ijrosi bo‘yicha xalqaro maxsus vakili Devid O'Sallivanning aytishicha, YeI muloqot orqali Rossiya o‘ziga qarshi kiritilgan sanksiyalarni chetlab o‘tish imkoniyatiga ega bo‘lmasligini ta’minlash niyatida. Uning so‘zlarini Gazeta.ru keltirdi.

O'Sallivan so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasiga qarshi sanksiyalarning 10-paketi fevral oyi oxirigacha tayyor bo‘lishi mumkin, ammo hozir bu cheklovlarga rioya etilishi va ularning amalda ekaniga ishonch hosil qilish muhim.

«Mening vazifam uchinchi davlatlar, qo‘shnilarimiz va boshqa davlatlar bilan bu sanksiyalarni chetlab o‘tish imkoniyati bor-yo‘qligini muhokama qilishdir», dedi siyosatchi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaga eksport hajmini oshirayotgan davlatlarga Yevropa Ittifoqi eksportining «shubhali» o‘sishi qayd etilgan. O'Sallivanning ta’kidlashicha, bu nimadir noto‘g‘ri ketayotganini ko‘rsatishi mumkin. Misol tariqasida u Serbiya, Turkiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, shuningdek, kelasi hafta safar qiladigan Birlashgan Arab Amirliklarini ko‘rsatdi.

«Gap bu mamlakatlarni tanqid qilish emas, balki ular bilan yuzaga kelayotgan muammolarni muhokama qilishda. Ittifoqchilarimizdan farqli o‘laroq, bu davlatlar sanksiyalarga qo‘shilmaslik yo‘lini tanladi, lekin ular sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam berishni istamasligini aytdi. Biz ularning o‘z va’dasiga amal qilayotganini tekshiramiz, nima bo‘layotganini, qanday choralar ko‘rilayotganini o‘rganamiz», dedi O'Sallivan sanksiyalarni chetlab o‘tish jinoyat ekanini eslatib.

Mavzuga oid