Qoraqalpog‘istonda o‘quvchilarga sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari berilayotgani aniqlandi
Kegeyli tumanidagi ayrim maktablarda olib borilgan o‘rganish davomida o‘quvchilarga chirigan olma berilayotgani ma’lum bo‘lgan.
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 25 avgustdagi tegishli qarori bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida joylashgan umumiy o‘rta ta’lim maktablarida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash tizimi joriy etilgandi.
Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi topshirig‘iga ko‘ra Kegeyli tumanidagi maktablarda Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori talablari o‘rganilgan. Bu haqda Jo‘qorg‘i Kengesi axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, Kegeyli tumanidagi 1-, 8-, 19- hamda 55-sonli maktablarda o‘tkazilgan o‘rganish ishlari davomida qator kamchiliklar aniqlangan. Xususan, bolalarga berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari miqdori kamligi, issiq choy bilan ta’minlash uskunalari to‘liq o‘rnatilmagani kuzatilgan.
Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlarining sifati talab darajasida emasligi, o‘quvchilarga chirigan holatdagi mevalar berilayotgani ma’lum bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, mazkur oziq-ovqat mahsulotlari maxsus transportlarda emas, yo‘lovchi tashuvchi mashinalar orqali yetkazib berilgan. Ayrim maktablarda esa kunlik oziq-ovqat mahsulotlarining sifatini tekshirib oluvchi komissiya tuzilmagan.
“O‘quvchilarni ovqatlantirish talablariga rioya qilinayotganlik holati bo‘yicha respublikadagi barcha maktablarda o‘rganish ishlari olib boriladi. Bu borada mas’uliyatsiz bo‘lgan maktab direktorlariga qat’iy jazo choralari ko‘riladi”, — deyiladi Jo‘qorg‘i Kenges xabarida.
Mavzuga oid
10:30 / 10.11.2024
Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan YTHda piyoda vafot etdi
18:32 / 28.10.2024
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisiga yangi o‘rinbosar tayinlandi
21:17 / 25.10.2024
Qo‘ng‘irot–Beyneu yo‘lining 240 kilometrlik qismi foydalanishga topshirildi
12:10 / 25.10.2024