Iskandar ko‘prigi. Yunon sarkardasi Surxondaryoda ko‘prik qurganmi?
Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida Iskandar (xalq tilida Makedon) nomli ko‘prik bor. Uning yonidagi qishloqqa Makedon nomi berilgan. Ko‘prik 16-asrda qurilgan bo‘lsa-da, mahalliy aholi uni mil.avv. 4-asrda yashagan Aleksandr Makedonskiy nomi bilan bog‘lashadi. Makedonskiy shaxsi va Iskandar ko‘prigi o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor? Kun.uz muxbiri shu savolga javob izladi.
Tarixiy manbalarda yunon sarkardasi Aleksandr Makedonskiy saltanati sarhadlarini kengaytirish maqsadida Osiyoga yurish qilgani va bu jang-u jadal vaqtida ularning qadami hozirgi Surxondaryo hududlarigacha yetgani aytiladi.
Yunonlarning bu yurishi alohida va katta mavzu. Qumqo‘rg‘on tumanidagi Iskandar ko‘prikni rostdan ham Makedonskiy qurdirganmi? Mahalliy aholi ko‘prikni Abdullaxon degan kishi qurdirgan deb bilsa-da, ammo nima uchun Iskandar ko‘prigi deb atalishidan bexabarligini qayd etadi. Ba’zi odamlar ushbu ko‘prikdan Makedonskiy o‘tganiga ham ishonadi.
Aslida-chi? Ko‘prik Abdullaxon ismli shaxs tomonidan qurilgan bo‘lsa, u va uning yonidagi qishloq nega Makedon nomi bilan yuritiladi?
Surxondaryo viloyatining muhim tarixiy obektlaridan biri sifatida Iskandar ko‘prik haqidagi ma’lumotlar va ko‘prik maketi Termiz arxeologiya muzeyidan o‘rin olgan.
Muzey xodimi Feruza Xurramova savollarga shunday aniqlik kiritdi:
Agar mahalliy aholidan bu haqda so‘rasangiz, «ko‘prikni Aleksandr Makedonskiy qurgan» yoki «Makedonskiy bu ko‘prik ustidan lashkarlari bilan o‘tib ketgan» degan fikrlarni aytishadi. Bu noto‘g‘ri. Chunki Makedonskiy bu hududlarda mil. avv. 4-asrda bo‘lgan bo‘lsa, ko‘prik 16-asrda, ya’ni Makedonskiydan 19 asr o‘tib, Shayboniyxon avlodidan bo‘lgan hukmdor Abdullaxon tomonidan quriladi. Uning otasining ismi Iskandar bo‘ladi. Shu sababli ko‘prikka Iskandar nomi beriladi va keyingi avlodlar ko‘prikni Makedonskiy nomi bilan atab ketadi.
Muzey xodimi nomlarning o‘zgarishiga Aleksandr Makedonskiy va Iskandar Zulqarnayn nomlari o‘rtasidagi bog‘liqlik sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytadi.
Iskandar ko‘prigi yonida u haqdagi ma’lumotlar bitilgan marmar toshda ham shunday ma’lumotlar keltirilgan:
“Bu ko‘prik ulkan tariximizdan bir nishonadir. U 16-asrda Abdullaxon tomonidan bunyod etilgan. Ko‘prik qurilishida 26*26*45 sm.lik to‘rtburchak shakldagi g‘ishtlardan, ayni paytda ohak, alebastr, ganch yog‘och va qumlardan foydalanilgan. Bunda o‘sha davr xalq ustalarining noyob me’morchilik san’atini ko‘rasiz. U g‘oyatda mustahkam. Ko‘prik poyidan katta soy suvi o‘tgan. Hindiston bilan savdo-sotiq aloqalarini bog‘lashda «Buyuk ipak yo‘li»dagi bu ko‘prik juda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Uni Aleksandr Makedonskiy nomi bilan atasalar ham, lekin ko‘prikning unga hech qanday aloqasi yo‘q”.
Ko‘prikning Makedonskiyga aloqasi bo‘lmasa-da, Iskandarshoh sababli xalq tilida ko‘chib yurgan rivoyatlar orqali bugun bir qishloq Makedon nomi bilan yuritiladi. Ushbu g‘ishtko‘prik Aleksandr Makedonskiy yoshiga teng 2300 yillarga borib taqalmasa-da, uning 500 yildan ortiq tarixi bor.
Sardorbek Usmoniy
Mavzuga oid
13:36 / 06.11.2024
Surxondaryoda Cobalt'ning gaz quvuriga urilishi oqibatida avariya holati sodir bo‘ldi
20:01 / 01.11.2024
O‘zbekiston Qahramoni Ahmad Narzullayev vafot etdi
10:02 / 19.10.2024
Surxondaryoda aholiga tarqatilishi kerak bo‘lgan 1 400 tonna ko‘mir talon-toroj qilindi
07:40 / 18.10.2024