Qariyb 1 asrlik armon: Zamonaviy uyda yashash orzusidagi onaxon kechinmalari
Qumri Zaripova 90 yoshga yaqinlashgan onaxon. U shu yoshida ham qo‘lidan ketmoni tushmaydi, yerlarni chopiq qiladi. Paxta mavsumida 120 kilogacha paxta teradi. Kun.uz muxbiri Buxoro viloyati Peshko‘ tumani Bog‘umiso qishlog‘ida bo‘lib, onaxon bilan suhbat qildi.
U tug‘ilib yerni ko‘rdi, paxtani bolasiday sevdi. 90 yoshga yaqinlashibdi hamki, uni tuproqdan, ketmon-u o‘roqdan birov ajratolmaydi. Bu ayol Buxoro viloyati Peshko‘ tumanida yashovchi Qumri Zaripova. 12 farzandni tug‘ib katta qilgan ayolning boshidan o‘tganlari bitta katta kitobga sig‘gulik bo‘ladi.
Qumri Zaripova asli Buxoroning Shofirkon tumanida tug‘ilgan. O‘zi maktabga qatnagan 40-50 yillar haqida shunday deydi.
“Oyog‘imizga bitta kalish ololmasdik, paypoq degan narsaning o‘zi yo‘q edi. Ustimizga kiyishga na chit va na satin material topilardi. Bo‘z to‘qishardi. O‘shani rangga bo‘yab, ko‘ylak qilib kiygizishsa, kayfimiz chog‘ bo‘lib maktabga ketardik. U paytlar qishda 1 metrgacha qor yog‘ardi. Mashina yo‘l ochardi, orqasidan biz yuramiz, oyog‘imizda etik ham bo‘lmagan”, deb ko‘ziga yosh oldi ayol.
O‘zining hikoya qilishicha, maktabni juda yaxshi baholarda o‘qigan. Hozir ham to‘ylarga chiqib, yodida qolgan she’r, qo‘shiq va muxammaslarni aytib, davralarga fayz olib kiradi.
“Agar hozir tug‘ilgan bo‘lganimda prezident Shavkat Mirziyoyevning yonida ishlab yurgan bo‘lardim. Chunki bilim kuchli, zehnim o‘tkir edi”, deydi u.
Biroq o‘sha paytdagi boshqa qizlar qatori u ham maktabni oxirigacha o‘qiyolmay, 7-sinfni bitira olgan, xolos. Keyin taqdir taqozosi bilan 17 yoshli qizni Peshko‘ tumani Bog‘umiso qishlog‘iga kelin qilib olib kelishadi. Shundan keyin hayotining qolgan qismi shu yer bilan bog‘lanib ketadi. Qishloqda uni “Gagarin buvi” deyishadi. Aytishlaricha, Gagarin deyishlariga sabab u 7 aprelda kelin bo‘lib tushgan bo‘lsa, oradan 5 kun o‘tib, Gagarin kosmosga uchgan. Shu-shu oldin “Gagarin kelin” keyin “Gagarin xola”, hozir “Gagarin buvi” deb chaqirish odatga aylanadi.
O‘zi kelin bo‘lib Bog‘umiso qishlog‘ining o‘sha paytdagi holatini shunday ta’riflaydi.
“Men kelganda bu yerlar juda xarob ahvolda, uylar atrofi jangal bilan o‘ralgandi. 15 kunlik kelin bo‘lganimda, belimda fartuk bog‘lab qolipga g‘isht quyib, tashiganman. O‘sha g‘ishtlar bilan atrofga devor tutib o‘rab olganmiz, odam yashaydigan holga keltirganmiz”, deydi onaxon.
Shundan keyin turmush o‘rtog‘i bilan 6 o‘g‘il, 6 qizni oq yuvib, oq tarab katta qilgan. O‘g‘illarining barchasiga qora mehnat orqasidan imorat qilib bergan. Turmushi davomida hayotning barcha zahmatlari va mehnatlarini totganini aytadi.
“Menda “Moskvich”, boboda “Jiguli” bor edi. Qilmagan ishim qolmagan, bir murdasho‘ylik bilan go‘rkovlik qolgan. Bitta oyoq mashinam bor edi, uni olib, kechqurun qishloqdagilarning kiyimini tikardim. 60-70 sotix yerga sabzi ekib, ichida bir o‘zim yurardim”, deydi u.
Ayol yerni, dalani ko‘p sevgan, farzandidan kam ko‘rmagan. Kechasidan ertalabgacha uxlamay dalaga suv bergan, hosil yetishtirgan. 350 kilogacha paxta tergan. Shuncha ko‘p terganidan paxtasini tashib tugatish qiyin bo‘lganini ham aytadi.
“Hatto qornimda 8 oylik bola bilan ham paxta terganman. Daladagi qizlar bu xotin bo‘lsa ham paxtani bizdan ko‘p teradi, deb hazil qilishardi”, deydi Zaripova.
Onaxon hozir yerga chiqib, jo‘yaklarni tortib, sabzavot ekib keladi. Bir aybi ko‘zi yaxshi ko‘rmaydi. Aks holda mehnatdan charchamasligini aytadi.
“Kun bo‘yi non yop deyishsa ham yopaveraman. Mehnatni yaxshi ko‘raman. Paxta dalaga karavot qo‘yib bersa-yu, dalada yotib tersam deyman. Pilla boqishni ham yaxshi ko‘raman. Ro‘zg‘or ishlarini-ku, hammasini qilaveraman. Ishga urinib ketsam, charchamayman. 50 minutda qayish (tahr.– beshbarmoq ham deyishadi)ning xamirini olib, pishirib, suzib kelaman. Tomorqada o‘roq, ketmon, egovim bo‘lsa, uyda o‘tirsam, ignam, o‘rmagim, qatimim bo‘lsa menga yetadi”, deydi u.
Hozir ham Qumri xolaning qiladigan kunlik yumushi oldingidan kam emas. Chunki 3 nevarasi bilan yashaydi. O‘g‘li va kelini esa pul topish uchun Rossiyaga ketgan. Shu 3 bola og‘ziga osh-ovqat tutish, ularga kiyim-kechak qilish ham 86 yoshli buvining zimmasida.
“Hozir ham paxta mavsumida 112 kilogacha paxta teraman. O‘tgan yil bolalarim paxta termang, odamlar nima deydi deb, dalaga chiqishga qo‘ymadi. Shunda ham Afshonada yashaydigan qizimnikiga borib, o‘sha yerdan paxta terib kelardim. Puliga har hafta bir xalta un, 10 kg guruch, yog‘ olib, shu nevaralarimga keltirib turdim”, deydi u.
Onaxon bilan suhbatlashar ekanmiz, uning siymosida o‘zbekning mehnatda ulg‘aygan qahramon ayolini ko‘rdik. Biroq shuncha zahmat chekkan, mehnatkash ayolga hokimiyat ham, mahallasi ham ko‘rsatmagan ehtirom ko‘ngilni xira qiladi.
“Afsuski, shuncha qilgan mehnatlarim zoye ketdi — pensiyamni kam chiqarishdi. Endigina 700 mingga ko‘tarildi. Hech ko‘tarishmaydi”, deydi u.
Bundan tashqari, o‘g‘li va kuyovi xorijda bo‘lgani sabab, ularning bolalariga chiqadigan bola pulini ham berishmayotganidan norozi bo‘ldi. Onaxonning aytishicha, u bilan birga hujjat topshirganlar allaqachon bola pulini olgan.
“Lekin bir necha oydan beri mening nevaralarimga berishmaydi. Uydan chiqolmaganim, idorasiga borolmaganim uchun shunday qilishyapti”, deydi Zaripova.
Suhbat yakunida ayolning eng katta orzusi nima ekanini so‘radik.
“Mening ham zamonaviy uylarim bo‘lsa deyman. O‘shanday uyimda bir kun yashasam ham, orzum ushalgan bo‘ladi. Lekin shuncha mehnat qilgan odamning uyini qarang. Kuchli shamol oshxonamning tomini buzib ketdi. Rais ro‘yxatga olib, ko‘rib ketdi, lekin bir dona shifer ham bergani yo‘q”, deb norozi holda so‘zini tugatdi onaxon.
Zuhra Abduhalimova, jurnalist
Montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov.
Mavzuga oid
18:05 / 25.10.2024
“Barchasi ota-onamning qo‘llovi tufayli”: Microsoft elchisiga aylangan o‘zbek qizi
11:34 / 08.10.2024
Buxoroda ikki ishchi tok urishi oqibatida halok bo‘ldi
18:26 / 16.09.2024
IIBning sharmandali “rezultat”i hamda “yasalgan” jinoyat: xasta va himoyasiz ayol qamoqqa tashlandi
15:31 / 08.09.2024