Jahon | 18:37 / 31.03.2023
8580
2 daqiqa o‘qiladi

Yevrohududda yillik inflatsiya 6,9 foizgacha sekinlashdi

Arzonlashayotgan energiya tufayli yevrohududda narxlarning o‘sishi kutilganidan ko‘ra sekinlashdi, ammo bazaviy inflatsiya yangi yuqori darajaga - 5,7 foizga yetdi.

Foto: Jin Mamengni/Xinhua/IMAGO

Yevrohududning 20 ta davlatida yillik inflatsiya mart oyida 6,9 foizgacha pasaydi. Bundan 31 mart, juma kuni e’lon qilingan Yevropa statistika agentligi - Eurostat’ning dastlabki ma’lumotlari dalolat bermoqda.

Yevrohududda inflatsiya darajasi oktyabr oyida 10,6 foizlik tarixiy eng yuqori darajaga yetganidan beri pasayishda davom etmoqda. Fevraldagi 8,5 foizdan mart oyida 6,9 foizgacha narxlarning sekinlashishi kutilganidan keskinroq bo‘ldi, bu Eurostat tarixidagi eng katta oylik pasayish bo‘ldi, deya qayd etadi Financial Times. 

Energiya narxlarining o‘sish sur’ati ham sekinlashdi: mart oyida ular o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan 0,9 foizga arzonlashdi. Fevral oyida energiya 13,7 foizga oshdi. Shu bilan birga, oziq-ovqat mahsulotlari narxi 15,4 foizga (fevralda - 15 foiz) oshdi. Eng past inflatsiya darajasi Lyuksemburg (3 foiz), Ispaniya (3,1 foiz) va Niderlandiyada (4,5 foiz) qayd etilgan. Narxlar eng ko‘p Latviya (17,3 foiz), Estoniya (15,6 foiz) va Litvada (15,2 foiz) oshgan. 

Energiya va oziq-ovqat xarajatlarini hisobga olmaganda, bazaviy inflatsiya, aksincha, yevrohududda yana rekord darajaga yetdi va mart oyida 5,7 foizni (fevralda 5,6) tashkil etdi, deya qayd etadi FT. Nashrga intervyu bergan tahlilchilarga ko‘ra, bu ikki foizli bazaviy inflatsiyani ko‘zlayotgan Yevropa Markaziy banki (YeMB) tomonidan stavkalarni yanada oshirishga asos bo‘ladi. 

Mavzuga oid