Jahon | 20:52 / 21.04.2023
14458
2 daqiqa o‘qiladi

Starship kemasining portlashi xodimlar buyrug‘i bilan sodir bo‘ldi

Tizimdagi muammolar tufayli SpaceX xodimlari uni portlatishga majbur bo‘ldi.

Foto: SpaceX

Starship kosmik kemasining portlashi SpaceX xodimlarining buyrug‘i bilan bir nechta qismlardagi muammolar tufayli sodir bo‘lgan.

«Sinov parvozi vaqtida bir nechta dvigatellar ishlamay qoldi, balandlik yo‘qotildi va kema nazoratsiz aylana boshladi. Shunda sinovni tugatish haqida buyruq berildi», deyiladi SpaceX saytida e’lon qilingan xabarda.

Qayd etilishicha, Boka Chikodagi (Texas shtati) uchirish maydoni odamlardan holi bo‘lgan. Atrofdagi hududlar ham 21 aprelgacha yopiladi.

20 aprel kuni SpaceX kompaniyasi Starship kosmik kemasi prototipini tashuvchi raketani ilk sinovdan o‘tkazdi. 38 km balandlikka ko‘tarilgan raketa uchirilgandan taxminan ikki yarim daqiqa o‘tgach, nazoratsiz aylana boshladi, yana bir yarim daqiqadan so‘ng portlab ketdi.

Sinov parvozi ekipajsiz amalga oshirildi. Rejaga ko‘ra, u bir yarim soat davom etishi, Super Heavy tezlatkich raketasi undan ajralib chiqib, Meksika ko‘rfaziga qulashi, Starship orbitaga chiqishi va keyin Havayi orollari yaqinida okeanga qo‘nishi kerak edi.

SpaceX veb-saytiga ko‘ra, Starship hozirgacha qurilgan eng qudratli va eng baland kosmik kema bo‘lib, 150 tonnagacha yukni ko‘tarishga qodir. Raketa tizimi ikki qismdan iborat: 33 dvigatelli Super Heavy raketasi va Starship kemasi.

Starship Yer orbitasidan tashqariga, Oy va Marsga uchish uchun mo‘ljallangan.

Mavzuga oid