Osiyo chempionati: O‘zbekistonda 10 ta oltin, Qozog‘iston tezlikni oshirdi
Samarqand tumanidagi sayyohlik markazi hududida joylashgan eshkak eshish kanalida o‘smirlar hamda yoshlar o‘rtasida baydarka va kanoeda eshkak eshish, shuningdek, parakanoe bo‘yicha Osiyo chempionati bahslari davom etmoqda.
Musobaqaning 27 aprel kuni o‘tkazilgan ikkinchi kungi bahslarida O‘zbekiston jamoasi atletlari 10 ta oltin, 6 ta kumush va 3 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Tabiiyki birinchi kungi poygalarda 6 ta oltin olgan o‘zbekistonlik sportchilar umumjamoa hisobida yaqqol ustunlik qilmoqda.
Birinchi kungi bahslarda O‘zbekistondan keyin eng ko‘p oltin medal qo‘lga kiritgan Eron jamoasi 27 aprel kuni 10 ta medal yutdi. Ammo ulardan faqat bittasi oltin bo‘ldi.
Kunning eng quvnoq atleti bo‘lgan eronlik parakanoechi Islom Jahidi 500 metrga o‘tkazilgan poygalarda ikki hindistonlik raqibini ortda qoldirib, Eronga kunning yagona oltinini keltirdi. U shohsupaga ko‘tarilayotganda raqiblari bilan qo‘ltiqtayoqda ko‘rishib hazillashdi-da, tomoshabinlarga yaxshi kayfiyat ulashdi.
27 aprel kuni Qozog‘iston jamoasi juda yaxshi qatnashdi. Qo‘shni davlat atletlari kun yakunlariga ko‘ra 7 ta oltin, 6 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritishdi. Shuningdek, hindistonlik atletlar ham ikkinchi kungi poygalarda juda faol bo‘lib, ko‘plab medallarga ega chiqdi.
Kun yakunida Osiyo chempionatida sovrindor bo‘lgan ba’zi atletlar bilan suhbatlashdik.
«Men 43 yoshdaman, sport bilan 8 yildan buyon shug‘ullanib kelaman. Sport meni barcha yomon narsalarni unutishga undadi, hayotimda mazmun paydo bo‘ldi. Barcha atletlar mening so‘zlarimni tasdiqlashsa kerak, sport bizning hayotimizni yaxshiroq qiladi. Shohsupada turish juda ajoyib, chunki yillar davomida qilgan mehnating natijasini aynan shu yerda turganda his qilasan.
Shu o‘rinda O‘zbekiston musobaqani zo‘r tashkil qilganini aytmoqchiman. Bu majmuada 2018 yilda ham bo‘lgandim, hozir esa juda o‘zgarib ketibdi, sharoitlar yanada yaxshilangan», dedi 500 metrga ayollar o‘rtasidagi parakanoe bahslarida kumush medalni qo‘lga kiritgan Ro‘yo Sultoni.
Kun qahramonlari esa hindistonlik atletlar bo‘lishdi. Ayollar o‘rtasida 500 metrga o‘tkazilgan parakanoe bahslarida 27 yoshli Yadav Prachi g‘olib bo‘ldi. Xuddi shu distansiyada erkaklar o‘rtasida o‘tkazilgan bahslarda esa yana bir hindistonlik atlet Manish Kurav g‘olib bo‘ldi.
Qizig‘i, bu paraatletlar er-xotin. Ular barcha musobaqalarda birga ishtirok etishadi. «Biz oilada ham, musobaqalarda ham birgamiz, bir-birimizni doim qo‘llab-quvvatlaymiz», deydi chempionlar oilasi biz bilan suhbatda.
500 metrga o‘tkazilgan bahslarda bronza medalini qo‘lga kiritgan yana bir parakanoechi Rajni Jiha bugun ikkita medal yutgani, bu natijalar bilan nafaqat o‘zi, yaqinlarini ham quvontirganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, musobaqa davomida yana ikkita distansiyada qatnashib, natijalarini yaxshilab olishi mumkin.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Mavzuga oid
18:41 / 22.10.2024
Osiyo o‘yinlari chempioni Shohmurod Xolmurodov doping tufayli jazolandi
15:56 / 27.08.2024
Samarqandda o‘tgan jahon chempionatida 51ta davlatdan sportchilar ishtirok etdi
18:39 / 15.02.2024
Qozog‘iston O‘zbekistondan tarixiy meros buyumlarini qaytaradi
18:33 / 14.02.2024