Jahon | 07:43 / 24.05.2023
4365
2 daqiqa o‘qiladi

Bolgariyalik yozuvchi Buker mukofotiga sazovor bo‘ldi

Bolgar yozuvchisi Georgiy Gospodinov “Boshpana” romani uchun Xalqaro Buker mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Foto: JUSTIN TALLIS / AFP / EastNews

Bolgariyalik nosir va shoir Georgiy Gospodinov 2023 yilgi Xalqaro Buker mukofotini “Boshpana” romani uchun qo‘lga kiritdi, deb xabar beradi mukofot sayti 24 may, chorshanba kuni.

Bolgar tilidagi “Boshpana” romani 2020 yilda chiqqan, 2022 yilda esa ingliz tiliga tarjima qilingan. Asar "O‘tmishning qaytishi" davolash markazi - Alsgeymer kasalligi bilan og‘rigan bemorlarni davolovchi klinika haqida hikoya qiladi. “Har bir qavat o‘n yilni batafsil tasvirlab beradi, bemorlarni vaqt bo‘yicha orqaga qaytarib, xavfsizroq va baxtliroq lahzalarga olib boradi”, — deyiladi roman sinopsisida.

"Ironiya va g‘amginlik bilan to‘la ajoyib roman. Bu juda zamonaviy savolga bag‘ishlangan chuqur asar: xotiralarimiz yo‘qolganda biz bilan nima sodir bo‘ladi. Georgiy Gospodinov hayratlanarli darajada individual va jamoaviy taqdirlar bilan ish ko‘ra oladi hamda nozik va universal o‘rtasidagi bu murakkab muvozanat bizni ishontirdi", dedi hakamlar hay’ati rahbari Leyla Slimani.

Gospodinovning so‘zlariga ko‘ra, u kitobni dunyoda populizm avj olgan hamda “AQSh va Yevropada “buyuk o‘tmish” kartasi o‘ynalayotgani” fonida yozishga qaror qilgan. "Men kommunizm davrida "yorqin kelajak"ni sotgan tizimdan kelganman. Endi urg‘u beriladigan narsalar o‘zgardi, populistlar esa "yorqin o‘tmish"ni sotmoqda. Men bilamanki, ikkala va’da ham kafolatlanmagan", - deydi yozuvchi. Gospodinov 1968 yilda Bolgariyada tug‘ilgan. “Boshpana” - uning uchinchi romani.

Mavzuga oid