Jahon | 22:00 / 27.06.2023
38209
3 daqiqa o‘qiladi

«Amalda fuqarolik urushini to‘xtatdingiz» - Putin harbiylar qarshisida chiqish qildi

Rossiya prezidenti harbiylar qarshisidagi chiqishida Prigojinning isyoni chog‘ida halok bo‘lgan uchuvchilar xotirasiga sukut saqladi. Shu bilan bir vaqtda, FXX isyon bo‘yicha jinoiy ishni yopdi.

Foto: Sergey Guneyev / Kreml matbuot xizmati / AP / Scanpix / LETA

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 27 iyun kuni kutilmaganda Kremldagi Granovitaya palata ayvonida harbiylar qarshisida chiqish qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiylar «xaos keltirib chiqarishi muqarrar bo‘lgan g‘alayonga qarshi turib, amalda Rossiyadagi fuqarolik urushini to‘xtatgan».

Shuningdek, prezident isyon vaqtida halok bo‘lgan uchuvchilar xotirasiga bir daqiqa sukut saqladi. Lekin Putin ularni aynan kim o‘ldirganini tilga olmadi. U Yevgeniy Prigojinning ham nomini keltirmagan — bungacha isyon borasida qilgan barcha chiqishlarida bo‘lgani kabi.

«Meduza» Putinning chiqishi matnini to‘liq keltirdi.

Hurmatli o‘rtoqlar!

Bugun, shu yerda, Moskva Kremlining tarixiy Sobor maydonida, Rossiya qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari, Rosgvardiya, FXX, IIV, FQX xodimlari — soldatloar va ofitserlar, mamlakat uchun og‘ir pallalarda quroldoshlari bilan birgalikda muqarrar xaosga eltadigan g‘alayonga qarshi turgan Vatanning haqiqiy himoyachilari yig‘ilgan.

Siz konstitutsiyaviy tartibni, fuqarolarimizning xavfsizligi va erkinligini himoya qildingiz, Vatanimizni larzalardan saqladingiz, amalda fuqarolik urushini to‘xtatdingiz.

Siz qiyin vaziyatda aniq va ahillik bilan harakat qildingiz, o‘z ishingiz bilan Rossiya xalqiga va harbiy qasamyodga sodiqligingizni isbotladingiz, Vatan taqdiri va uning kelajagi uchun mas’uliyatingizni namoyon etdingiz.

Mudofaa vazirligi qismlari, rosgvardiyachilar, IIV xodimlari va maxsus xizmatlar xodimlari eng muhim boshqaruv markazlari, strategik, jumladan mudofaa obektlarining ishonchli ishlashi, chegaraoldi hududlari xavfsizligi, qurolli kuchlarimiz, ayni vaqtda frontda qahramonlarcha kurash olib borayotgan barcha jangovar tuzilmalarimizning orqa chizig‘i mustahkamligini ta’minlashdi. Biz maxsus harbiy amaliyot hududidan jangovar bo‘linmalarni olib kelishimizga hojat bo‘lmadi.

Isyonchilarga qarshi turishda bizning jangovar quroldoshlarimiz — uchuvchilar halok bo‘lishdi. Ular qo‘rqmasdan va sharaf bilan buyruqni va o‘z harbiy burchini bajardi. Ularning xotirasiga bir daqiqa sukut saqlashingizni so‘rayman.

Bir daqiqa jimlik

Hurmatli o‘rtoqlar!

Sizning qat’iyatingiz va mardligingiz, shuningdek butun rus jamiyatining hamjihatligi vaziyatni barqarorlashtirishda juda katta, hal qiluvchi rol o‘ynadi. Isyonga jalb etilgan odamlar armiya ham, xalq ham ular bilan birga emasligini ko‘rishdi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning tezkor va aniqlik bilan safarbar etilgani mamlakatdagi vaziyat o‘ta xavfli tarzda rivojlanishini to‘xtatish, tinch aholi orasidagi qurbonlarning oldini olish imkonini berdi.

Sizlarga, qurolli kuchlar, huquq-tartibot organlari va maxsus xizmatlarning butun tarkibiga xizmatlari, jasorati va qahramonligi, Rossiya xalqiga sadoqati uchun minnatdorchilik bildiraman.

Rossiya madhiyasi yangraydi

Omad. Rahmat.

Mavzuga oid