Jahon | 09:33 / 29.06.2023
7447
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda «Xaker» jurnalining sobiq bosh muharriri qo‘lga olindi

Qozog‘iston rasmiylari AQSh talabiga binoan taniqli kibermutaxassis Nikita Kislitsinni qo‘lga oldi. U foydalanuvchi ma’lumotlarini o‘g‘irlashda ayblanmoqda. Kislitsin Moskvada ham sirtdan hibsga olingan. 

Pavel Golovkin/AP Photo/picture alliance

F.A.C.C.T. IT-kompaniyasi (sobiq Group-IB) bo‘limlaridan birining boshlig‘i Nikita Kislitsin 22 iyun kuni Qozog‘istonda qo‘lga olingan. Bu haqda 28 iyun, chorshanba kuni kompaniya matbuot xizmati xabar berdi. Kislitsin hozir hibsda, Qozog‘iston rasmiylari AQShga ekstraditsiya so‘rovi asoslarini o‘rganmoqda. 2020 yilda AQSh Adliya vazirligi Kislitsinni 2012 yilda Formspring ijtimoiy tarmog‘idan sherigi tomonidan o‘g‘irlangan ma’lumotlarni sotish bo‘yicha til biriktirganlikda aybladi. Group-IB ayblovlarni asossiz deb atadi. Kompaniya hozirgi hibsga olishni Kislitsinning jurnalistik faoliyati bilan bog‘ladi. «Biz Qozog‘iston hududida hibsga olish uchun qonuniy asoslar yo‘qligiga ishonchimiz komil», — deya ma’lum qildi F.A.C.C.T.

Shuningdek, 28 iyun kuni Moskvaning Tverskoy sudi Kislitsinni xizmat mavqeyidan foydalangan holda qonun bilan himoyalangan ma’lumotlarga noqonuniy kirishda (Jinoyat kodeksining 272-moddasi 3-qismi) ayblab, sirtdan hibsga oldi, deya xabar beradi sud matbuot xizmati. Rossiya Ichki ishlar vazirligi Kislitsinni qidiruvga bergan.

2006 yildan 2012 yilgacha Kislitsin dasturlash va axborot xavfsizligi masalalariga bag‘ishlangan «Xaker» jurnalining bosh muharriri bo‘lgan. 2012 yil aprel oyida u AQShga jo‘nab ketdi va kibertahdid bo‘yicha mustaqil tadqiqotchi sifatida ishlay boshladi. 2013 yil yanvar oyida Kislitsin Ilya Sachkov asos solgan Group-IB’da ish boshladi. Sachkov 2021 yil sentabrida davlatga xiyonat ishi bo‘yicha hibsga olingan edi. Tergov uni «davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni xorijiy davlatga topshirgan» deb hisoblamoqda. Sachkov aybini tan olmadi va «FSB»ni ta’qib qilishda aybladi.

Mavzuga oid