Zamonaviy Bekhem. «Liverpul»ga o‘tgan Soboslaining taktik va texnik ustunliklari haqida
«Liverpul» ortiqcha muzokaralarsiz Dominik Soboslaining 70 mln yevrolik tovon pulini to‘ladi va uni o‘z safiga qo‘shib oldi. Quyida ushbu 22 yoshli vengriyalik yarimhimoyachining o‘yin uslubi tahlil qilinadi.
Dominik tez o‘sdi. U 19 yoshida Avstriya Bundesligasining asosiy kashfiyotiga aylanib, o‘zini tanitdi va shundan beri pasaymadi.
Futbolchining faoliyatidagi asosiy voqealar: u 17 yoshida «Zalsburg» tarkibida Avstriya Bundesligasida debyut qildi. 19 yoshidayoq mamlakat milliy jamoasida ilk o‘yinini o‘tkazdi. Hozircha Soboslaining milliy jamoadagi asosiy yutug‘i sifatida Yevro-2020 yo‘llanmasi uchun pley-offdagi g‘alaba golini aytish mumkin. Aytgancha, u — allaqachon milliy jamoa sardori, vatanida Dominikni Pushkash davridan beri eng katta iqtidor deb bilishadi. U 2019-20 yilgi mavsum yakunida Avstriya Bundesligasining eng yaxshi futbolchisiga aylandi. Gol+assist tizimida 19 ball (9+10) to‘pladi.
2021 yil yanvarida u 22 mln yevro evaziga «Leypsig»ga o‘tdi va debyut mavsumidayoq Bundesligada uch bor oyning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Marko Roze kelishi bilan u rivojlanishda davom etdi (Bundesligadagi eng yaxshi mavsumini o‘tkazdi). Murabbiy Soboslaini «Zalsburg»dagi faoliyatidan buyon bilardi. Futbolchi murabbiyning ta’siri haqida shunday deydi: «Marko yetarlicha professional emasligimni ko‘rsatdi. U bo‘lmaganida, men bunchalik tez rivojlanmasdim».
«Liverpul»ga o‘tish — vengriyalikning faoliyatidagi yangi bosqich. 70 mln yevro — «Leypsig» uchun rekord. Transfer haqidagi mish-mishlar paydo bo‘lishidan oldin Soboslai intervyu bergan, unda u Kloppning ilhomlantirish mahoratiga qoyil qolishini tan olgandi.
O‘tgan mavsum yakunida Dominik oldinga qadam tashlash zarurligi haqida gapirgandi: «Shu paytgacha men o‘z faoliyatimni ongli ravishda qurib kelganman va har doim o‘z vaqtida yangi bosqichga chiqqanman. Bir kun faoliyatimga nazar tashlab, undan unumli foydalana olmaganimni anglashni istamayman».
Soboslai o‘tmishning mashhur futbolchilaridan biri Bekhemni eslatadi. Gap faqat ularning ikkisi ham o‘ng qanot yarimhimoyachisi ekanida emas, ular o‘xshash ko‘nikmalarga ega.
Soboslai —Red Bull tizimida pressing qilishni o‘rgangan master
Dominik — ikki qanotda ham, markazda ham o‘ynay oladigan, «o‘nlik» yoki «sakkizlik» vazifasini bajara oladigan futbolchi. Universallik unga butun faoliyati davomida asosiy o‘yinchi bo‘lishga va turli tizimlarda o‘ynay olishiga yordam berdi. Roze o‘tgan mavsumda undan o‘ngda foydalangan.
Turli pozitsiyalarda o‘ynash qobiliyati Dominikka yangi klubida ham yordam berishi kerak. O‘ng qanotda Saloh bor, shuning uchun Klopp futbolchiga «sakkizlik» rolini berishi mumkin. Bu pozitsiyada Soboslai Tedesko qo‘l ostida 2021/22 yillar mavsumida bir muddat o‘ynagan.
Dominikning hujum tempini ushlab turish qobiliyati hayratlanarli darajada. U darvozaga orqa qilgan holda to‘pga 1-2 teginish bilan xavfli vaziyat yuzaga keltiradi.
Dominik tez-tez oldindagi bo‘sh hududlarni topadi va markazda to‘pni qabul qilganda, hujumni davom ettirish uchun allaqachon tayyor yechimga ega bo‘ladi. U hujumga o‘tishga tayyor sherigini his qiladi.
Jarima zarbalarining mohirona bajarilishi vengriyalik futbolchidagi yana bir elementdir. Soboslai maydonning har ikki tomonidan standartlar vaziyatlarni ijro etadi. U to‘pni jarima maydonchasining istalgan joyiga yetkazib bera oladi. Bundan tashqari, uning krosslari o‘tkir va to‘p qulay balandlikda boradi. Standart vaziyatlarda Dominik asosiy manzilni belgilab oladi — «Leypsig»da bu Orban edi.
Soboslaining uzatmalari ham joyida. To‘pni to‘g‘ri yetkazib berish texnikasi va vaziyatni baholash unga muvaffaqiyatli harakatlarga yordam beradi — yarimhimoyachi har doim krossdan oldin boshini ko‘tarib, atrofni ko‘zdan kechirib oladi. Futbolchi o‘z mahoratini butun mavsum davomida bir xilda namoyish etadi. So‘nggi mavsumda Dominik 50 dan ortiq krossni amalga oshirdi va Bundesligada eng yaxshi aniqlik ko‘rsatkichiga ega bo‘ldi (40,2 foiz).
Soboslai nafaqat sheriklari uchun imkoniyat yaratadi, balki zarbalari bilan ham xavf tug‘diradi. Zarba berishda ham maxsus texnika ko‘rsatadi — tepishdan oldin qisqa «zamax» qiladi, natijada to‘p oldindan aytib bo‘lmaydigan trayektoriya bilan uchadi. Futbolchiga tayyorgarlik ko‘rish uchun ko‘p vaqt kerak emas. Dominik olis yuqori burchakni nishonga oladi, zarbalari kuchli va aniq. U qiyin to‘plarga tezda moslashadi, xavfli zarbalarni amalga oshiradi va oyoqning tashqi tomoni bilan ham zarba beradi. Uning sevimli nuqtasi jarima maydonchasi chegarasida. Ichkariga kirib, o‘tkir burchakdan ham gol urishga qodir.
Asosiy muammo — Soboslaining uzoq masofadan zarba berishda o‘ziga ortiqcha ishonishida. «Leypsig»dagi faoliyati davomida u jarimalardan 41 urinishdan atigi 1 ta gol urdi.
Hujumga tezkor o‘tishlar «Leypsig» o‘yinida ajralmas qism edi. 2022/23 yilgi mavsumda Roze jamoasining 6 ta qarshi hujumi gol bilan yakunlandi, bu — Bundesligada 2-o‘rin. Qarshi hujumlar Soboslai orqali tashkil etilganda, u chalg‘itish va sheriklariga yo‘lak yaratish vazifasini bajardi.
Dominik tezkor hujumlar vaqtida bo‘sh hududlarga ochilishda ham foydali. «Leypsig»da u ushbu rolda Nkunku bilan pozitsiyani o‘zgartirardi va markaziy himoyachilar o‘rtasida yo‘lak ochardi.
Keltirilgan barcha xususiyatlar Soboslaini ko‘p qirrali ijodkorga aylantiradi. U maydonning uchinchi qismida nihoyatda xavfli, chunki u to‘pni qanotda ham, yarim qanotda ham qabul qilib, xavf tug‘dira oladi. U o‘tgan mavsumda 150 marta zarbadan oldingi harakatni bajardi va bu borada top-5 chempionatda 13-o‘yinchi bo‘ldi. Shuningdek, u Bundesliga so‘nggi mavsumida zarbalar bilan yakunlangan hujumlarda ishtirok etish bo‘yicha 4-o‘rinni egalladi.
«Leypsig» to‘psiz 4-2-3-1 sxemasini qo‘llaydi va 4 o‘yinchi bosim uyushtiradi. To‘p qanotga oshirilganda, Soboslai raqibning chap markaziy himoyachisi va qanot himoyachisi o‘rtasida joylashadi. To‘g‘ri joylashuvi tufayli u har qandayga uzatmaga javob berishga muvaffaq bo‘ladi.
Dominik o‘smirlik davridayoq RB tizimida to‘psiz to‘g‘ri harakat qilishni o‘rgangan. Vaqt o‘tishi bilan taktik mashg‘ulotlarga chidamlilik qo‘shildi, bu unga butun o‘yin davomida yuqori intensiv harakatlarni amalga oshirish imkonini beradi.
Bundesliga-22/23 mavsumida u 39 marta yuqori pozitsiyada to‘pni qaytardi, bu — «Leypsig»da eng yaxshi, ligada esa 6-natija.
22 yoshli futbolchining ijodkorligi va to‘pni harakatlantirish qobiliyati maqtovga sazovor, biroq uning yana bir o‘ta muhim fazilati bor – kam jarohat olishi. Vengriyalik yarimhimoyachi faoliyati davomida atigi 3 marta jarohat olgan. Faqat bir marta 1 oydan ko‘p muddatga safga chiqqan — 2020/21 yilgi mavsumda 6 oyni o‘tkazib yuborgan.
E’tiborlisi, «Liverpul» «Brayton»dan sotib olgan Aleksis Mak Allister ham faoliyati davomida deyarli jarohat olmagan. Bu shuni anglatadiki, «qizillar» tez-tez jarohat oladigan futbolchilardan charchagan va shuning uchun ular nafaqat jamoaga mos keladigan, balki jarohatlarga ham kamroq moyil bo‘lganlarni tarkibga qo‘shib olishmoqda.
Mavzuga oid
14:17 / 06.09.2024
Transfer oynasi sarhisobi: Top-15 klublarning yozgi kampaniyasi reytingi
18:33 / 30.08.2024
Yevropada dedlayn. So‘nggi soatlarda kutilayotgan transferlar
18:13 / 28.07.2024
«MYu» katta pul sarflamoqda, «Milan» ispaniyalik yulduzni qo‘lga kiritdi. Yevropadagi so‘nggi transferlar
21:05 / 26.07.2024