O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari ketma-ket uchinchi oy kamaydi
O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari oxirgi 3 oyda 1,7 mlrd dollarga kamaydi. Xususan, valutadagi zaxiralar ma’lumotlar ochiqlana boshlagandan keyingi davrdagi minimum darajaga tushdi.
Markaziy bank O‘zbekistonning xalqaro valuta zaxiralariga oid ma’lumotlarni yangiladi.
Unga ko‘ra, 1 iyul holatiga, O‘zbekistonning rasmiy zaxiralari 33,72 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu – joriy yil boshidan buyon qayd etilgan minimum ko‘rsatkich.
Zaxiralar o‘tgan oyga nisbatan deyarli 650 mln dollarga, so‘nggi 3 oyda esa 1,68 mlrd dollarga kamaydi.
Valutadagi zaxiralar
Rasmiy zaxiralarning qisqarishi asosan valutadagi aktivlar kamayishi bilan bog‘liq. Xorijiy valutadagi aktivlar miqdori o‘tgan oyga nisbatan 514 mln dollarga kamayib, 9 mlrd 576 mln dollarni tashkil qildi.
Spot nashrining e’tibor qaratishicha, O‘zbekistonning valutadagi aktivlari miqdori statistik ma’lumotlar e’lon qilina boshlagan 2018 yildan keyingi davrda hech qachon hozirgichalik past bo‘lmagan.
O‘tgan oyda O‘zbekiston Markaziy bankining boshqa davlatlar markaziy banklari va Xalqaro valuta jamg‘armasidagi naqd valuta va depozitlari hajmi bir oy ichida 2,5 barobardan ko‘proqqa kamayib, 1,4 mlrd dollardan 565,5 mln dollarga tushgan. Shu bilan birga, xorijdagi banklarda saqlanayotgan zaxira valutalar miqdori iyun oyi davomida 8,7 mlrd dollardan 9,0 mlrd dollarga yetgan.
Oltin zaxiralari
Iyun oyi davomida oltin zaxiralarining qiymati biroz kamaydi. Zaxiralarning oltin qismi 23,08 mlrd dollarni tashkil qildi – bu o‘tgan oyga nisbatan 137 mln dollarga kam.
Ammo oltinning sof fizik hajmi 11,9 mln troya unsiya (370 tonna)dan 12,1 mln troya unsiya (376,2 tonna)ga ko‘paygan.
World Gold Counsil ma’lumotlariga ko‘ra, may oyida O‘zbekiston dunyoning ikkinchi yirik oltin sotivchisi bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, mayda O‘zbekiston Markaziy banki 11 tonna oltin sotgan. Turkiya 63 tonna oltin sotib birinchi, O‘zbekiston esa ikkinchi yirik oltin sotuvchiga aylangan.
Ma’lumot uchun, mamlakatning oltin-valuta zaxiralari to‘lov va savdo balansidagi defitsitni bartaraf etish, inflatsiyani ushlab turish, milliy valutani moliya bozorida qo‘llab-quvvatlash uchun valuta sotib olish davlatning tashqi qarzlarini to‘lash va davlatlar o‘rtasidagi hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun ishlatiladi.
Eslatib o‘tamiz, ortda qolayotgan haftada O‘zbekiston banklarida dollar kursi 11 610 so‘mgacha ko‘tarilib, tarixiy maksimumga yaqinlashdi.
Mavzuga oid
11:56 / 11.11.2024
Turkiy davlatlar tashkiloti Markaziy banklari kengashi tashkil etiladi
18:34 / 08.11.2024
Markaziy bank 7 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi
23:10 / 07.11.2024
O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari 43 mlrd dollardan oshdi
11:23 / 01.11.2024