Shomurodov «Kalyari»da tibbiy ko‘rikdan o‘tdi. Transfer shartlari ochiqlandi
«Roma» hujumchisi Eldor Shomurodov 2023/24 yilgi mavsumni Italiya A Seriyasi debyutanti «Kalyari» safida o‘tkazadi.
Insayder Janluka Di Marsio xabariga ko‘ra, o‘zbekistonlik 29 yoshli hujumchi bugun, 24 iyul kuni «Kalyari» klubida tibbiy ko‘rikdan o‘tdi. Rim klubi va Sardiniya oroli jamoasi o‘rtasida Shomurodov bo‘yicha kelishuv muvaffaqiyatli yopilgan.
Qayd etilishicha, «Roma»ga Shomurodovning bir yillik ijarasi uchun 1 million yevro to‘lanadi va 2024 yilning yozida «Kalyari» Eldorni 9 million yevroga sotib olish huquqiga ega bo‘ladi. Tomonlar «1+3» shaklida shartnoma imzolaydi. O‘zbekistonlik forvardning ijara muddati davomidagi maoshining 50 foizini «Kalyari» to‘lasa, qolgan yarmini Rim klubi to‘lashda davom etadi.
Avvalroq, Shomurodovning «Roma»dagi yillik maoshi 2 million yevroni tashkil etishi haqida xabarlar tarqalgandi. Futbolchi 2021 yil «Jyenoa»dan 17 million yevro evaziga Rim klubiga transfer qilingandi.
Eslatib o‘tamiz, italiyalik 71 yoshli taniqli mutaxassis Klaudio Raneri yanvar oyida «Kalyari» bosh murabbiyiga aylangach, B Seriyada 14-o‘rinda borayotgan klubni yarim yil ichida peshqadamlar safiga ko‘tarib, mavsum yakunida pley-off orqali A Seriyaga olib chiqishga muvaffaq bo‘ldi.
Mavzuga oid
22:07 / 09.10.2024
«O‘zbekiston so‘nggi marta bizga muammo tug‘dirganiga 12 yil bo‘ldi». Ozmun Shomurodovga javob qaytardi
22:57 / 04.10.2024
Eldor Shomurodov «Roma» bilan yangi shartnoma imzolaydi – Romano
12:18 / 26.08.2024
Shomurodov gol urishni boshladi, «Chelsi» futbolchilari «quturdi». Yevropada kun o‘yinlari
14:30 / 13.08.2024