Sport | 13:52 / 01.08.2023
24933
10 daqiqa o‘qiladi

Eng arzon jamoaning qimmatbaho futbolchisi. Shomurodovni Raneri jamoasida nimalar kutmoqda?

Yozgi transfer oynasida o‘zbekistonlik muxlislar kutgan o‘tish amalga oshdi – Eldor Shomurodov «Kalyari» klubi a’zosiga aylandi. Ushbu jamoaning nomidan ham ko‘ra, klubni Klaudio Raneri boshqarayotgani ko‘pchilikni xursand qilgani rost. Bu jihat milliy jamoamiz yetakchisining A Seriyadagi omadsizliklari italiyalik mashhur mutaxassis qo‘l ostida barham topishiga umid uyg‘otmoqda.

Foto: Getty Images

Omadsiz kechgan mavsum: Eldor «Spetsiya»dan nega ketdi?

Eldor Shomurodov «Roma» safiga o‘tgan 2021/22 yilgi mavsumda jami 31 o‘yinda 5ta gol va 4ta assist qayd etgach, klub bosh murabbiyi Joze Mourino va rahbariyat 2022/23 yilgi mavsum oldidan o‘zbekistonlik forvardni boshqa klubga sotib olish sharti bilan ijaraga berishga qaror qilgandi. Uning o‘rnini esa «Torino»dan erkin agent sifatida taklif etilgan Andrea Belotti egalladi. Bu esa Shomurodovga tarkibda o‘rin qolmaganini anglatardi. Ammo Rim klubi Eldorni transfer sharti bilan ijaraga oladigan da’vogar jamoa topa olmagach, u qishki transfer oynasigacha rimliklar zaxirasida qolib, A Seriyada bor yo‘g‘i 6 o‘yinda maydonga tushdi.

Yanvar oyida esa Shomurodovni «Spetsiya»ga yarim yillik ijaraga berishga qaror qilindi. Kelishuvga ko‘ra, ligada jon saqlash uchun kurashayotgan jamoa rimliklar hisob raqamiga 1 million yevro o‘tkazdi. Ammo bu o‘tish Eldor uchun muvaffaqiyat keltirmadi. 28 yoshli hujumchi «Spetsiya»ning goleadori Mbala Nzola bilan kurashda yutqazdi va asosiy tarkibdagi o‘rnini yo‘qotdi. Shomurodov spetsiyaliklar safidagi yarim mavsumda 16 o‘yinda bor yo‘g‘i bitta golga mualliflik qildi va yakunda jamoani V Seriyaga tushib ketishdan qutqara olmadi. «Spetsiya» quyi ligaga tushib ketgach esa, Shomurodovning tarkibda qolmasligi va yozda Rimga qaytishi oydinlashgandi.

Foto: Getty Images

Mourino rejalaridan chetda

O‘zbekiston milliy jamoasi forvardi shartnomaga muvofiq, Rimga qaytgan bo‘lsa-da, Mourinoning yangi mavsum uchun rejalaridan o‘rin olishi dargumon edi. Har holda autsayder klub bilan quyi ligaga tushib ketgan futbolchini Joze quchoq ochib, kutib olishini tasavvur qilish qiyin edi. Shunday ham bo‘ldi.

Iyul oyi boshida Joze Mourino «instagram»dagi sahifasida yangi mavsum oldidan surat joylab, u ishonch bildirgan tarkibdagi nomlarni ko‘rsatdi. 22 futbolchining ismi keltirilgan ro‘yxatda Shomurodov yo‘q edi. Bu esa hamyurtimizning portugaliyalik mutaxassis rejalaridan o‘rin olmaganini anglatardi.

Foto: Getty Images

Nega aynan «Kalyari»?

Iyul oyida «Roma» Shomurodovni sotib olish sharti bilan ijaraga berish bo‘yicha navbatdagi takliflarni ko‘rib chiqa boshladi. O‘zbekiston milliy jamoasi to‘purariga dastlabki ikki xaridor Turkiya va Rossiyadan bo‘ldi – «Galatasaroy» va «Spartak». Futbolchi takliflarni rad etib, A Seriyada qolishni istayotganini ma’lum qilgach, unga «Lechche» va Ispaniyaning «Jirona» klubi qiziqa boshladi. Ko‘p o‘tmay esa kurashga «Kalyari» ham qo‘shilgani ma’lum bo‘ldi.

Insayder Nikola Skiraga ko‘ra, Sardiniya oroli jamoasining Shomurodovni sotib olish huquqi bilan bir yillik ijaraga olishi va «1+3» shaklida 2027 yilga qadar shartnoma taklif qilgani Rim klubi va Eldorning shu variantni tanlashiga turtki bo‘lgan. Qolaversa, A Seriya debyutantini Klaudio Raneri boshqarayotgani Shomurodovning qaroriga ta’sir qilgan. O‘z o‘rnida Raneri ham o‘zbek futbolchisini jamoasida ko‘rishni istagan.

Eldorning maoshini ikki klub to‘laydi 

Italiyalik insayder va jurnalist Janluka Di Marsioga ko‘ra, «Kalyari» Shomurodovni 9 million yevroga sotib olish huquqi bilan bir yilga ijaraga olgan. Qayd etilishicha, «Roma»ga Shomurodovning bir yillik ijarasi uchun 1 million yevro to‘lanadi va 2024 yilning yozida «Kalyari» Eldorni 9 million yevroga sotib olish huquqiga ega bo‘ladi. Tomonlar «1+3» shaklida shartnoma imzolaydi. O‘zbekistonlik forvardning ijara muddati davomidagi maoshining 50 foizini «Kalyari» to‘lasa, qolgan yarmini Rim klubi to‘lashda davom etadi. Shomurodovning «Roma»dagi yillik maoshi 2 million yevroni tashkil etishi xabar qilinganini inobatga olsak, klublar maosh uchun bir mavsumda 1 mln yevrodan sarflashiga to‘g‘ri keladi.

«Kalyari» qanday jamoa?

Ushbu klub 2022 yilda A Seriyada 18-o‘rinni egallab, quyi ligaga ravona bo‘lgandi. Jamoa rahbariyati va muxlislar mavsum yarmida klubning bir yildayoq A Seriyaga qaytishidan umidlarini uzishgandi. Sababi Fabio Liverani murabbiyligida elitaga qaytishni maqsad qilgan jamoa 1-davradan keyin quyi ligada 14-o‘rinda borayotgandi. Qoniqarsiz natijalar sabab Liverani iste’foga chiqarilgach, rahbariyat ishsiz yurgan Klaudio Raneri bilan mavsumni yakunlashga qaror qildi.

Yangi yil arafasida taklif etilgan italiyalik 71 yoshli «qariya»dan ko‘p narsa kutilmagan bo‘lsa-da, u mo‘jiza yarata oldi. B Seriyada 14-o‘rinda borayotgan klub yarim yil ichida peshqadamlar safiga ko‘tarilib, mavsum yakunida pley-offga yo‘llanma oldi. O‘tish o‘yinida esa Raneri jamoasi 90+4-daqiqadagi gol evaziga «Bari»ni mag‘lub (1:0) etib, A Seriyaga qaytishga muyassar bo‘ldi.

O‘yindan keyin esa «senor» ko‘z yoshlarini tiya olmadi. Aslida Klaudio avval ham «Kalyari»ni elitaga olib chiqqan, ammo bu safargi muvaffaqiyatning qadri balandroq edi. Gap shundaki, Raneri «Lester»dagi sensatsion chempionlikdan keyin 5ta klubni boshqargan bo‘lsa-da, barchasida omadsizlikka uchradi. Ayniqsa, 2022 yilda «Uotford»dan 3 oylik faoliyatidan keyin haydalgach, qariyb bir yil ishsiz yurib, nafaqaga chiqish arafasida turgandi. «Kalyari»dagi muvaffaqiyat uning uchun qaytish bo‘ldi.

Shomurodov – eng qimmat o‘yinchi, «Kalyari» – eng arzon ikki klubdan biri

Shomurodovning transferidan keyin o‘zbekistonlik millionlab muxlislar armiyasiga ega bo‘lgan «Kalyari» tarkib bo‘yicha Italiyaning eng kamtar jamoalaridan sanaladi. Transfermarkt portaliga ko‘ra, A Seriya 2023/24 yilgi mavsumining eng qimmatbaho tarkiblari ro‘yxatida «Kalyari» umumiy 48,6 mln yevro qiymati bilan 20 jamoa orasida «Frozinone» bilan so‘nggi ikki o‘rinni band etgan. Taqqoslashingiz uchun, eng qimmat tarkibga ega «Napoli» o‘yinchilarining umumiy qiymati 568 mln yevroni tashkil etadi.

Foto: Getty Images

Eng arzon tarkibga ega ikki klubdan biri bo‘lgan sardiniyaliklarning eng qimmatbaho o‘yinchisi esa Eldor Shomurodov sanaladi. O‘zbekistonlik hujumchi 6 million yevroga baholanib, bu borada faqatgina Naytan Nandes 5 mln yevro narx bilan unga yaqin joylashgan bo‘lsa, «Kalyari»dagi qolgan o‘yinchilarning transfer bahosi 3 mln yevrodan oshmaydi.

Eldor kimlar bilan raqobatlashadi?

«Roma» va «Spetsiya» bilan taqqoslaganda, Eldor Shomurodov Raneri qo‘l ostida ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishini kutish mumkin. Sababi, o‘zbek forvardi «Roma»da Abraham, El-Shaaravi, Belotti, Dibala soyasida qolgan bo‘lsa, bir hujumchi bilan o‘ynaydigan «Spetsiya»da A Seriya to‘purarlaridan biri bo‘lgan Nzola bilan raqobatlashishiga to‘g‘ri kelgandi.

«Kalyari»da esa vaziyat bir muncha qulayroq – Janluka Lapadula va Leonardo Pavoletti jamoaning asosiy hujumchilari sanaladi va italiyaliklarning yoshi 33 va 34da. Ustiga-ustak Lapadulaning 5 kun avval oyog‘idan olgan jarohat sababli jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgani va endi qariyb 6 oy maydonga tusha olmasligini inobatga olsak, Shomurodovda jamoaning asosiy hujumchisiga aylanish uchun yaxshi imkoniyat paydo bo‘ladi. Lapadula o‘tgan mavsum jami 43 o‘yinda 26ta gol kiritgandi, Pavoletti esa 28 o‘yinda o‘z hisobiga 7ta gol yozib qo‘ygan. Sardiniyaliklarning jarohat olgan goleadori o‘rnini egallash uchun Eldordan sermahsullik ko‘rsatish talab etiladi.

Debyut

Eldor 27 iyul kuni «Kalyari» mashg‘ulotlariga qo‘shildi. 28 yoshli hujumchi «Kalyari» safida 2 avgust kuni «Komo»ga qarshi o‘rtoqlik bahsida norasmiy debyutini o‘tkazishi mumkin. B Seriya klubi bilan o‘yin seshanba kuni soat 20:00da boshlanadi. 5 avgust kuni esa Fransiyaning «Brest» jamoasiga qarshi o‘yin o‘tkazilishi belgilangan. A Seriya 1-turida esa «Kalyari» 21 avgust kuni «Torino» mehmoni bo‘ladi. Sardiniyadagi yangi mavsum – milliy jamoamiz yetakchisi faoliyatidagi burilish nuqtasiga aylanishiga umid qilib qolamiz.

Usmon Ibodov

Mavzuga oid