Jahon | 18:48 / 16.09.2023
9682
3 daqiqa o‘qiladi

Nazarboyevning sobiq qudasi 6 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Qayrat Bo‘ronboyev o‘zganing mulkini noqonuniy o‘zlashtirish yoki talon-toroj qilish, jinoiy yo‘l bilan topilgan daromadlarni legallashtirish moddalari bo‘yicha aybdor deb topildi.

Foto: Tengrinews

Ostona sudi jinoiy ishlar bo‘yicha apellyatsiya kollegiyasi Qayrat Bo‘ronboyev va jinoiy ish bo‘yicha boshqa ayblanuvchilarga nisbatan hukm e’lon qildi.

Tengrinews xabariga ko‘ra, Qayrat Bo‘ronboyev Jinoyat kodeksining o‘zganing mulkini noqonuniy o‘zlashtirish yoki talon-toroj qilish, jinoiy yo‘l bilan topilgan daromadlarni legallashtirish moddalari bo‘yicha aybdor deb topildi va 6 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Shu bilan birga uning mol-mulki musodara qilinadigan bo‘ldi.

2022 yil mart oyida Qozog‘iston Moliyaviy monitoring agentligi Qayrat Bo‘ronboyevni kvazidavlat sektorida katta hajmdagi mablag‘larni o‘g‘irlaganlikda gumonlab, tergov boshlagan edi. 17 mart kuni Ostona sudi uning hibsga olingani haqida xabar berdi.

Bo‘ronboyev ustidan sud jarayoni 2022 yil 30 dekabrda boshlandi. Bo‘ronboyevdan tashqari uning ishonchli vakili Roman Naxanov, «KazMunayGaz» sobiq boshqaruvchi direktori Ibulla Serdi (qidiruvga berilgan) va «QazaqGaz» boshqaruvi raisining sobiq o‘rinbosari Jonuzoq Toyirga ham ayblovlar qo‘yildi.

31 mart kuni sud Qayrat Bo‘ronboyevni 8 yillik qamoq jazosiga hukm qilgan edi. Keyinroq, Ostona sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 2023 yil 29 iyundagi qarori bilan Qayrat Bo‘ronboyev va uning ishi bo‘yicha boshqa ayblanuvchilarga nisbatan chiqarilgan hukm bekor qilindi.

Ostona sudi jinoiy ishlar bo‘yicha apellyatsiya komissiyasida ishni ko‘rib chiqish chog‘ida Qayrat Bo‘ronboyev o‘z aybiga iqror bo‘ldi.

14 sentabr kuni Moliyaviy monitoring agentligi Qayrat Bo‘ronboyev o‘z ixtiyori bilan davlatga 90 milliard tengelik mulkni qaytarganini ma’lum qildi. Shuningdek, u Ta’lim infratuzilmasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga 30 milliard tenge o‘tkazib berdi.

Qayrat Bo‘ronboyev Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning sobiq qudasi hisoblanadi. Uning qizi Nazarboyevning nabirasi Oysultonga turmushga chiqqan. 2020 yil avgust oyida Oysulton Londonda vafot etgan. Uning o‘limiga giyohvandlik sabab bo‘lgan.

Mavzuga oid