Berlinda ekofaollar Brandenburg darvozasiga bo‘yoq sepib ketdi
«Oxirgi avlod» faollari ochiq e’lon qilingan norozilik aksiyasi doirasida darvozaga to‘q sariq rangli bo‘yoq sepgan.
«Oxirgi avlod» harakatining iqlim himoyasi faollari Berlin markazidagi Brandenburg darvozasiga to‘q sariq rangli bo‘yoq sepib ketdi. Bu haqda 17 sentabr, yakshanba kuni dpa xabar berdi.
Faollar bo‘yoqni o‘t o‘chirgichlar yordamida purkagan. Natijada darvozaning barcha oltita ustuniga zarar yetgan. 13 nafar faol qo‘lga olindi va favqulodda xizmatlar voqea joyida ishlamoqda, dedi politsiya vakili. Darvoza atrofi o‘rab olingan. «Norozilik shuni aniq ko‘rsatmoqdaki, siyosiy o‘zgarishlar vaqti keldi, qazib olinadigan yoqilg‘idan adolatga sari», - deya faollarning so‘zlaridan iqtibos keltirgan dpa.
Berlin burgomistri faollarni keskin tanqid qildi
Berlinga rahbarlik qiluvchi burgomistr Kay Vegner vandalizm harakatini keskin tanqid qilib, darvoza erkinlik shahri sifatida Berlinning ramzi ekanligini eslatdi. «Shahar - so‘z erkinligi va kelajagimiz haqida adolatli bahs-munozaralar tarafdori. Bu guruh o‘z harakatlari bilan nafaqat tarixiy Brandenburg darvozasiga, balki bizning zamon va kelajagimizning muhim masalalari haqidagi erkin suhbatimizga ham zarar yetkazyapti», - dedi Vegner.
U faollarning harakatlarini «norozilik» emas, balki «mulkka zarar yetkazish va jinoiy huquqbuzarlik» deb atadi. «Bu bilan ular iqlimni muhofaza qilishning muhim masalasiga yomon xizmat qilmoqda. Iqlimni muhofaza qilishga jiddiy yondashganlar bu harakatlardan va bu guruhdan uzoqlashishi kerak», dedi burgomistr.
Germaniya bo‘ylab «Kelajak uchun juma» namoyishlari bo‘lib o‘tdi
«Oxirgi avlod» faollari 13 sentabrdan Berlinda muddatsiz norozilik namoyishi o‘tkazishini e’lon qildi. Tashkilotchilar aytishicha, «butun Germaniyadan yuzlab odamlar» federal hukumatdan 2030 yilgacha qazib olinadigan yoqilg‘idan voz kechishni talab qilish uchun poytaxtga boradi. «Oxirgi avlod» faollarining eng keng tarqalgan kurash usuli - bu Berlin politsiya xizmatlari ogohlantirgan yo‘llarni to‘sib qo‘yishdir.
O‘tgan hafta Germaniyaning 250 shahrida «Kelajak uchun juma» iqlim bo‘yicha tadbirlari bo‘lib o‘tdi. 15 sentabr, juma kuni butun mamlakat bo‘ylab ularda 250 mingga yaqin kishi ishtirok etdi. Aksariyat odamlar Berlin ko‘chalariga chiqdi, u yerda tashkilotchilarga ko‘ra – 25 ming, politsiya ma’lumotlariga ko‘ra – 12,5 ming kishi to‘plangan.
Hamburgda, politsiyaga ko‘ra, 10 mingga yaqin ishtirokchi, Myunxenda - 7000 ga yaqin, Kyolnda kamida 5000 kishi ko‘chalarga chiqdi. Aksiya nemis kasaba uyushmalari, atrof-muhitni muhofaza qilish tashabbuslari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi, deb ta’kidlaydi epd agentligi.