O‘zbekiston | 20:10 / 22.09.2023
13076
9 daqiqa o‘qiladi

AQShning O‘zbekiston uchun ahamiyati va BMTdagi bayonotlar - siyosatshunoslar bilan suhbat

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu hafta Nyu-Yorkda bo‘lib, C5+1 formatida prezidentlar ishtirokidagi ilk muloqotda qatnashdi, BMT Bosh Assambleyasida global masalalar bo‘yicha O‘zbekistonning pozitsiyasini ilgari surdi. Siyosatshunoslar Hamza Boltayev va Kamoliddin Rabbimov “Geosiyosat” dasturida bu tashrifning muhim nuqtalari haqida so‘z yuritdi.

— Strategik sheriklik maqomidagi O‘zbekiston va AQSh munosabatlari hozirgi vaqtda qay darajada?

Hamza Boltayev: AQSh va O‘zbekiston munosabatlarida 2016 yildan oldingi holatga nisbatan ancha iliqlashuvni ko‘rish mumkin. AQSh – sobiq ittifoq tarqagach, O‘zbekiston mustaqilligini tan olgan birinchi davlatlardan.

Ikki o‘rtadagi munosabatlarda turli davrlar – iliqlashuv, yomonlashuv, hatto sanksiyalargacha borib ketilgan paytlar bo‘ldi. Hozir esa munosabatlar juda ham yaxshi darajada. Hozirda kelishilgan va deklarativ xarakterdagi bayonotlarni amalga oshirish choralarini ko‘rishni boshlash ham maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman.

Kamoliddin Rabbimov: O‘zbekiston tashqi siyosatida AQSh 4 ta katta geosiyosiy vektorlardan biri hisoblanadi, bular: Xitoy, Rossiya, global janub va AQSh.

Markaziy Osiyo makrohudud bo‘lib, 2016 yildan buyon alohida sub’yekt bo‘lishga harakat qilib kelyapti. Markaziy Osiyo markazidagi davlat esa O‘zbekiston. O‘zbekistonning AQSh bilan munosabatlari yuqorida aytilgan qolgan 3 ta vektor bilan toroziga solinadi, ya’ni AQSh bilan munosabatlar ijobiy neytral pozitsiyada deyish mumkin. AQSh hozir biz uchun opponent bo‘lgan davlat emas. Andijon voqealaridan to 2010 yilga qadar Vashington Toshkent uchun opponent edi, bu davrda munosabatlar sovuq bo‘ldi. 90-yillar o‘rtalaridan 2004 yilgacha esa O‘zbekiston tashqi siyosatida rasmiy Vashingtonga yo‘nalish olgan edi, ammo bu ichki siyosatda o‘z aksini topmadi, ya’ni inson huquqlari, demokratiyada ko‘rinmadi. O‘sha davrda O‘zbekiston qattiq avtoritar davlat bo‘lishi bilan birgalikda, AQShga yo‘nalish olgan edi.

2016 yilda O‘zbekiston tashqi siyosati o‘zgardi. Ungacha O‘zbekiston dixotomiya (bir tomon bilan yaqinlashish va boshqa tomonlar bilan uzoqlashish) konsepsiyasida tashqi siyosat olib borardi, ya’ni oq va qora. Biror bir qudratli davlatga yo‘nalish olardi va o‘sha davlat opponentlari O‘zbekistonga ham opponent bo‘lardi. Bugungi kunda unday emas. O‘zbekiston muvozanat saqlashga harakat qilyapti. Rossiya, Xitoy, Turkiya, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston kabi davlatlar bilan ijobiy munosabatda bo‘lib kelyapti. Ular o‘rtasidagi ziddiyatlar O‘zbekistonga taalluqli emas, degan pozitsiya bor.

Vashington bilan munosabatlar qolgan vektorlar bilan munosabatlarni muvozanatda saqlash uchun judayam muhim. O‘zbekistonda hokimiyat almashganiga 7 yil bo‘ldi va geosiyosiy maydonda o‘zi uchun bitta vektorni tanlagani yo‘q. Karimov davrida har tomonga yuzlanib chiqdi va 2005 yildan keyin umuman yopildi, bugun bunday emas. Vashington bilan munosabatlar shuning uchun muhimki, O‘zbekiston Sharq va Shimol tomondan geosiyosiy, geoiqtisodiy “yutilish”ni istamaydi. AQSh bilan munosabatlar orqali O‘zbekiston tashqi siyosatini taqsimlab, muvozanatni ushlab turishni istaydi.

Hamza Boltayev: O‘zbekiston va AQSh munosabatlarini tahlil etishda e’tibor qilish kerak bo‘lgan nozik jihat bor. AQSh oxirgi yillardagi boshqa davlatlar bilan munosabatlarini uchinchi bir davlatlar bilan bo‘lgan munosabat orqali belgilayapti. Bizning mintaqa bilan munosabatlarda ham XXR va RF omili bor. Bu yondashuv xato deb bilaman, chunki uchinchi davlatlar kontekstidan qarash uzoq strategik yondashuv bo‘ladi deyolmayman.

— Shavkat Mirziyoyev nutqida Afg‘oniston masalasini ko‘tardi. Afg‘onistonni o‘z muammolari bilan yolg‘iz qoldirish xato bo‘lishini aytib o‘tdi. Barchaning nigohi Ukrainada bo‘lib, Afg‘oniston chetda qolib ketmayaptimi, nima deb o‘ylaysiz?

Kamoliddin Rabbimov: Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston masalasida ancha keskin gapirdi. Afg‘onistonni ihotalash, sanksiyalar qo‘llash yoki umuman e’tibor bermaslik judayam katta xato bo‘lishini aytdi. Markaziy Osiyoda Afg‘onistonga nisbatan eng jonkuyarlik qilayotgan davlat – O‘zbekiston. Prezidentimizning konsepsiyasi oddiy. So‘nggi 50 yilda birinchi marta yagona siyosiy kuch Afg‘onistonni to‘liq nazorat qilishga erishdi. To‘g‘ri, “Tolibon” ideal emas, unga nisbatan salbiy qarashlar yetarli. Lekin “Tolibon” tafakkurini, siyosiy va diniy qarashlarini transformatsiya qilish kerak. Afg‘onistonni qayta ihotalash u yerda yana fuqarolik urushini keltirib chiqaradi. Afg‘oniston fuqarolari 40 millionga yaqin deyilmoqda. Umuman, O‘zbekiston birgalikda Afg‘onistonni transformatsiya qilishni taklif etyapti.

Birinchidan, Afg‘oniston bilan muloqotga kirishish kerak. U yerdagi eng katta muammo – ijtimoiy va iqtisodiy masalalar. Afg‘onistonning mablag‘lari muzlatilgan. Afg‘oniston davlatchiligining tan olinmasligi u yerdagi muammolarga yechim emas. Dunyo hamjamiyati va O‘zbekiston Afg‘onistonda normal davlat bo‘lishini istaydi. Ayollar va bolalar huquqlari masalasi ham bor, lekin bu muammolarni deb boshqa muammolar ham chuqur ildiz otishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak, demoqchi O‘zbekiston tarafi.

“Tolibon” hokimiyatga kelganiga 2 yil bo‘lgan bo‘lsa, O‘zbekiston muammolarga yechim izlashda davom etyapti. “Tolibon” hokimiyati O‘zbekiston uchun ideal emas, noqulay va bezovta qilayotgan masalalar juda ham ko‘p. Ammo bularni deb boshqa muammolarni yanada chuqurlashtirishga imkon bermaslik kerak. Fuqarolik urushi boshlansa, “Tolibon” yana kurashaveradi. Undan ko‘ra, hokimiyatga kelgan “Tolibon”ni transformatsiya qilish arzon va osonroq, deb qaralyapti.

Hamza Boltayev: Afg‘oniston masalasidan tashqari ekologik muammolar, Markaziy Osiyo integratsiyasi, ekstremizm-terrorizmga qarshi kurashishdagi yangicha yondashuvlar kabi masalalar ham ko‘tarildi. Ekstremizm-terrorizmga qarshi kurashishda haddan oshib, bu kurash islomofobiyaga aylanib ketmasligi kerakligi haqida ham gap bordi. Bu fikrlar ba’zi bir Yevropa davlatlarida bo‘layotgan islomofobiya ko‘rinishlariga qarshi qaratilgan.

Afg‘oniston biz uchun juda ham muhim ahamiyatga ega. Shavkat Mirziyoyevning takliflari va e’tirozlari juda o‘rinli deb bilaman. Bugungi kunda Afg‘oniston mablag‘i muzlatilgan, lekin bu afg‘on xalqining puli, berish kerak. Qo‘yilayotgan shartlarning ba’zilari ilojsiz ham, xuddi pulni berish niyati yo‘qdek fikr ham uyg‘otadi.

Prezidentimiz Afg‘onistonda inklyuziv hukumat tuzish kerakligini ta’kidladi. “Tolibon” hokimiyatga kelishidan oldingi Doha kelishuviga ko‘ra, bu narsa bo‘lishi kerak edi o‘zi. Ammo masala ochiq qolmoqda.

Qo‘shtepa kanali muammosi ham bor. Bu kanal O‘zbekistondan tashqari daryo quyi oqimidagi boshqa davlatlar uchun ham salbiy ta’sirga ega. Prezident taklifiga ko‘ra, Qo‘shtepa kanali qurilaveradi, lekin kanal qurishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, atrofdagi davlatlar bilan maslahatlashish kerak; Afg‘oniston suvdan foydalanish bilan bog‘liq mintaqaviy konvensiyaga qo‘shilishi, kelishuv asosida unga ham kvotalar ajratilishi kerak.                

Normuhammad Ali Abdurahmonov suhbatlashdi. 
Markaziy Osiyo, Geosiyosat, AQSh

Mavzuga oid