AQSh – O‘zbekiston tashqi siyosatidagi to‘rt vektordan biri
Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov prezident Shavkat Mirziyoyevning AQShga safaridan keyin O‘zbekiston uchun Vashingtonning geosiyosiy ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
O‘zbekiston tashqi siyosatida AQSh 4 ta katta geosiyosiy vektorlardan biri hisoblanadi, bular: Xitoy, Rossiya, global janub va AQSh.
Markaziy Osiyo makrohudud bo‘lib, 2016 yildan buyon alohida sub’yekt bo‘lishga harakat qilib kelyapti. Markaziy Osiyo markazidagi davlat esa O‘zbekiston. O‘zbekistonning AQSh bilan munosabatlari yuqorida aytilgan qolgan 3 ta vektor bilan toroziga solinadi, ya’ni AQSh bilan munosabatlar ijobiy neytral pozitsiyada deyish mumkin. AQSh hozir biz uchun opponent bo‘lgan davlat emas. Andijon voqealaridan to 2010 yilga qadar Vashington Toshkent uchun opponent edi, bu davrda munosabatlar sovuq bo‘ldi. 90-yillar o‘rtalaridan 2004 yilgacha esa O‘zbekiston tashqi siyosatida rasmiy Vashingtonga yo‘nalish olgan edi, ammo bu ichki siyosatda o‘z aksini topmadi, ya’ni inson huquqlari, demokratiyada ko‘rinmadi. O‘sha davrda O‘zbekiston qattiq avtoritar davlat bo‘lishi bilan birgalikda, AQShga yo‘nalish olgan edi.
2016 yilda O‘zbekiston tashqi siyosati o‘zgardi. Ungacha O‘zbekiston dixotomiya (bir tomon bilan yaqinlashish va boshqa tomonlar bilan uzoqlashish) konsepsiyasida tashqi siyosat olib borardi, ya’ni oq va qora. Biror bir qudratli davlatga yo‘nalish olardi va o‘sha davlat opponentlari O‘zbekistonga ham opponent bo‘lardi. Bugungi kunda unday emas. O‘zbekiston muvozanat saqlashga harakat qilyapti. Rossiya, Xitoy, Turkiya, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston kabi davlatlar bilan ijobiy munosabatda bo‘lib kelyapti. Ular o‘rtasidagi ziddiyatlar O‘zbekistonga taalluqli emas, degan pozitsiya bor.
Vashington bilan munosabatlar qolgan vektorlar bilan munosabatlarni muvozanatda saqlash uchun judayam muhim. O‘zbekistonda hokimiyat almashganiga 7 yil bo‘ldi va geosiyosiy maydonda o‘zi uchun bitta vektorni tanlagani yo‘q. Karimov davrida har tomonga yuzlanib chiqdi va 2005 yildan keyin umuman yopildi, bugun bunday emas. Vashington bilan munosabatlar shuning uchun muhimki, O‘zbekiston Sharq va Shimol tomondan geosiyosiy, geoiqtisodiy “yutilish”ni istamaydi. AQSh bilan munosabatlar orqali O‘zbekiston tashqi siyosatini taqsimlab, muvozanatni ushlab turishni istaydi.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos
Yuqoridagi fikrlar Kamoliddin Rabbimovning Kun.uz'ga bergan intervyusidan olindi.
Mavzuga oid
13:30 / 10.11.2024
Tramp yutsa urushni bir sutkada to‘xtatishni va’da qilgandi. U yutdi - xo‘sh?
23:26 / 09.11.2024
“G‘arbning geosiyosiy ochko‘zligi kelishmovchiliklar bosh sababi” – Putinning “Valday”dagi chiqishi
20:42 / 09.11.2024
Oq uy Trampning saylovlardagi g‘alabasidan keyin Ukrainaga harbiy yordam yuborishni tezlashtirdi
16:25 / 09.11.2024