Jahon | 10:00 / 29.09.2023
5514
3 daqiqa o‘qiladi

YeIda migratsiya muammosi tufayli ichki kelishmovchiliklar kuchaymoqda

Lampeduza inqirozi o‘nlab yillar davom etgan bahs-munozaralarni qaytadan qo‘zg‘atdi.

Foto: AP

Italiyaning Lampeduza orolidagi migratsiya inqirozi tufayli Yevropa Ittifoqi a’zolari o‘rtasida migratsiya masalasi bo‘yicha uzoq davom etgan munozaralar yangi kuch bilan avj oldi.

Yevropa Ittifoqi 2015 yilda qit’aga boshpana izlovchilarning katta oqimi kela boshlaganidan keyin noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish uchun umumiy qoidalarni qabul qilishga urinmoqda.

1990 yilda Yevropa Ittifoqi davlatlari boshpana taqdim etish bo‘yicha so‘rovni ko‘rib chiqadigan davlatni belgilovchi Dublin konvensiyasini imzolagan. Hujjatga ko‘ra, qochqin o‘zi kirgan birinchi «xavfsiz mamlakat»dan boshpana so‘rashi shart.

Yevropa komissiyasi migratsiya va boshpana to‘g‘risidagi paktni tayyorladi. Unda migratsiya inqirozi sharoitida funksionalligi muhokama mavzusiga aylangan Dublin konvensiyasini almashtirish bo‘yicha qator qonunchilik takliflari mavjud.

Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen tomonidan 2020 yil sentabr oyida Yevroparlamentda e’lon qilingan yangi qoidalar asosan migrantlar kelgan birinchi mamlakatdan migratsiya yukini olib tashlash va uni barcha a’zo davlatlar o‘rtasida taqsimlashga qaratilgan.

Shartnoma, shuningdek, Yevropa Ittifoqining tashqi chegaralarini mustahkamlash, boshpana so‘rovlarini topshirish va rad etish tartibini tezlashtirishni ham nazarda tutadi. Hujjat, shuningdek, rad etilgan qochqinlarni o‘z mamlakatlariga qaytarish jarayonini soddalashtirish va bu davlatlar bilan hamkorlikni kengaytirishni ham o‘z ichiga oladi. 

Biroq, bugungi kungacha bo‘lib o‘tgan ko‘plab muzokaralar davomida Yevropa Ittifoqi mamlakatlari hamjamiyat bir qator a’zolarining migratsiya muammosiga mutlaqo qarama-qarshi pozitsiyasi tufayli konsensusga erisha olmadi. 

Noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash masalasi 2020 yilda koronavirus pandemiyasi va 2022 yilda Ukrainada boshlangan urush tufayli bir muncha vaqt Yevropa Ittifoqi kun tartibidan tashqarida qoldi. 

Biroq, pandemiya ko‘lami pasaygach, muhojirlar oqimi deyarli barcha yo‘nalishlar bo‘ylab «jonlandi». «Tolibon»ning 2021 yil yozida Afg‘onistonda hokimiyatga qaytishi va 2022 yil boshida Ukrainadagi urush sabab muhojirlikning yangi to‘lqini Yevropa Ittifoqini migratsiya muammosini hal etish yo‘llarini izlashga e’tibor qaratishga majbur qildi. 

Noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash bo‘yicha sa’y-harakatlar doirasida O‘rta Yer dengizi bilan chegaradosh to‘qqizta Yevropa davlati YeI Med9 sammitida uchrashadi.

Mavzuga oid