O‘zbekiston | 08:55 / 05.10.2023
4937
5 daqiqa o‘qiladi

Alfraganus universitetida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi

Toshkent shahridagi Alfraganus universitetida xalqaro standartlar asosida yuqori malakali, kreativ kadrlarni tayyorlash maqsadida “Bir makon – bir yo‘l: imkoniyatlar va muammolar, migratsiya, turizm va siyosiy iqtisod” mavzusidagi ikkinchi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.

 “Bir makon – bir yo‘l: imkoniyatlar va muammolar, migratsiya, turizm va siyosiy iqtisod” mavzusidagi Xalqaro konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad xalqaro darajada o‘zaro ijtimoiy-iqtisodiy, fan-ta’lim, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada mustahkamlash, davlatlar o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni takomillashtirish, xorijlik olimlar tomonidan tibbiyot, raqamli texnologiyalar, turizm, arxitektura va dizayn, zamonaviy ta’limni tashkil etishda innovatsion yondoshuvlar sohalarida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarga O‘zbekistonlik yosh olimlar, oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, iqtidorli talaba-yoshlarni faol jalb qilish, samarali ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hisoblanadi.

Bu yil ikkinchi marotaba tashkil etilayotgan xalqaro konferensiya qamrovi va geografiyasi ham kengaydi. Xususan, xalqaro konferensiya ishida mamlakatimizdagi 30 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari bilan birgalikda, dunyoning 150ga yaqin Turkiya, Xitoy, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Chexiya, Shvetsiya, Latviya, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Markaziy Osiyo hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlaridagi nufuzli yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlari, professor-o‘qituvchilari, taniqli olimlar, xalqaro ekspertlar, ishtirokchi davlatlarning ishbilarmonlik doiralari, yetakchi kompaniyalari vakillari, UNESCO, TIKA kabi xalqaro tashkilotlarning mutaxassislari ishtirok etmoqda.

“O‘zbekiston va Turkiya universitetlari hamkorligida tashkil qilingan “Bir makon – bir yo‘l: imkoniyatlar va muammolar, migratsiya, turizm va siyosiy iqtisod” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tgan 2022 yilda ilk marotaba o‘tkazilgan edi. Joriy yilda Alfraganus universiteti tomonidan ikkinchi marotaba tashkil qilindi. Tadbirda 20 ga yaqin davlatlardan TOP-1000 talikka kirgan 30 ga yaqin OTM professorlari va rektorlari ishtirok etishyapti.

Konferensiya doirasida tibbiyot xodimlari, sanoat sohasi xodimlari, tadbirkorlar, restoran va mehmonxona biznesi mutaxassislari ham yurtimizga tashrif buyurishdi. Ular ishtirokida maxsus amaliyot darslari, seminarlar o‘tiladi.

Alfraganus universitetining barcha talabalari uchun Yaponiya, Xitoy, Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston, Fransiya va Angliyadan kelgan tajribali mutaxassislar o‘z bilim va malakalarini o‘rtoqlashadi”, - dedi universitet rektori Muhammadismoil Maxmudov.

Xalqaro konferensiya doirasida globallashuv sharoitida iqtisodiy tizimlar va munosabatlar, turizm sohasidagi o‘zgarishlarning zamonaviy xususiyatlari, zamonaviy ta’lim, sharqona tarbiyada jismoniy tarbiya va sportning o‘rni hamda ahamiyati, sun’iy intellekt va zamonaviy texnologiyalarning ta’limdagi o‘rni, jamiyat modernizatsiyalashuvini ilmiy tadqiq etish: tarixi va falsafasi, pedagogika va psixologiyada innovatsion tadqiqotlar, arxitektura va dizayn sohalarining rivojlanish istiqbollari, ipak yo‘lida umuminsoniy va milliy qadriyatlar: til, ta’lim, tarjima va madaniyat, zamonaviy tibbiyot: yangi yondashuvlar va dolzarb tadqiqotlar, innovatsion taraqqiyotda aniq fanlarning o‘rni yo‘nalishlarida yosh tadqiqotchilar, mamlakatimiz va xorijdagi taniqli olimlarning ilmiy ma’ruzalari, tadbirkorlik va xorijiy kompaniyalar vakillari bilan amaliy uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

Turkiyaning Nejmettin Erbakan universiteti rektori janob Jyem Zorlu o‘zbekistonlik talabalarning Turkiyada amaliyot o‘taganliklari haqida gapirib berdi:

“Biz Alfraganus universiteti bilan birgalikda tibbiyot sohasida birga tajriba almashishni ko‘zda tutdik va uni amalga oshirishga qaror qildik. O‘tgan yili 20 nafar talaba tibbiyot fakultetidan kelib bizda o‘z malakalarini oshirdi. Barcha 20 nafar talabalar ma’lum vaqt bizda tajriba almashishdi, o‘qib, o‘z yurtlariga qaytib ketishdi. Yana Alfraganus universitetining 10 ga yaqin meditsina sohasidagi o‘qituvchilari bizda o‘z malakalarini oshirishdi. Bizning universitet Turkiya universitetlari orasida eng yaxshi talim muassasalaridan biri hisoblanadi. Biz universitetda 20 ga yaqin tilda gaplashamiz. Alfraganus universitetidan borgan talabalar bizni juda yaxshi ko‘rib qoldi. Bu universitetlar orasidagi tajribalarimizni va do‘stligimizni uzoq yillar davom ettirish niyatimiz bor.

Tibbiyot sohasi, pedagogika-psixologiya, iqtisod yo‘nalishi va boshqa yo‘nalishlarda bizning professor doktorlarimiz Alfraganusda dars o‘tishadi”.

Xalqaro konferensiya joriy yil 3-4 oktabr kunlari Toshkent shahrida, 5-6 oktabr kunlari Samarqand va Buxoro shaharlarida o‘z ishini olib boradi.

 Qo‘shimcha ma’lumotlar uchun:

 http://neukongre.com/kongre/sircon2023/uz#

 Reklama