O‘zbekiston | 19:43 / 05.10.2023
6979
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston prezidenti Tatariston sanoat salohiyati ko‘rgazmasi bilan tanishdi

Rossiyaga rasmiy tashrifi doirasida davlat rahbari «Qozon Kremli» tarixiy-me’moriy muzey-qo‘riqxonasida bo‘ldi va «Kazan Ekspo» markazida Tatariston sanoat salohiyati ko‘rgazmasini tomosha qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Rossiya Federatsiyasiga rasmiy tashrif doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozon shahridagi «Kazan Ekspo» markazida ochilgan Tatariston sanoat salohiyati ko‘rgazmasiga tashrif buyurdi.

O‘zbekiston rahbariga Rossiya hukumati raisining o‘rinbosari – sanoat va savdo vaziri Denis Manturov va Tatariston raisi Rustam Minnixanov hamrohlik qildi.

4 oktyabr kuni shu yerda uchinchi O‘zbekiston-Rossiya hududlararo hamkorlik forumi bo‘lib o‘tgandi. O‘zbekiston prezidentiga ushbu tadbir yakunlari to‘g‘risida batafsil axborot berildi.

O‘zbekiston yetakchisi Tataristonning yetakchi korxonalari sanoat mahsulotlari va texnologiyalari bilan tanishdi.

Ko‘rgazma doirasida Rossiya sanoat va savdo vaziri Denis Manturov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Navbatdagi O‘zbekiston va Rossiya hududlari forumida erishilgan kelishuvlarni, eng avvalo, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tataristonga tashrif davomida Shavkat Mirziyoyev «Qozon Kremli» tarixiy-me’moriy va badiiy muzey-qo‘riqxonasida bo‘ldi.

Davlat rahbariga Rustam Minnixanov hamrohlik qildi.

Qozondagi Kreml YuNeSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Qozonning eng qadimgi qismi bo‘lib, shaharning ko‘p asrlik tarixini o‘zida mujassam etgan me’moriy, tarixiy va arxeologik yodgorliklardan iborat.

Bu yerda O‘zbekiston prezidenti Qul Sharif masjidini kirib ko‘rdi. Tatariston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, muftiy Kamil Samigullin oliy martabali mehmonga masjid tarixi haqida batafsil so‘zlab berdi. Duo o‘qildi.

Masjid 1996-2005 yillarda Qozon xonligi hududida XVI asrning ikkinchi yarmiga qadar mavjud bo‘lgan juma masjidi o‘rnida bunyod etilgan va Imom Qul Sharif nomi bilan atalgan.

Davlatimiz rahbari Qozon va Tatariston mitropoliti Kirill hamrohligida Blagoveshensk soborini ham ko‘zdan kechirdi. Qozon Kremli hududidagi obidalarning eng qadimgisi bo‘lgan ushbu inshoot XVI asrda bunyod etilgan. Pskov me’morchilik an’analarining yorqin namunasidir.

Mavzuga oid