Jahon | 22:04 / 06.10.2023
11889
2 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjon Noxchivonga Eron orqali yo‘lak qurishga kirishdi

Armaniston yo‘lak qurilishi loyihasidan bosh tortgach, Ozarboyjon va Eron bu haqda o‘zaro kelishuvga erishdi.

Foto: Mehr News Agency

6 oktyabr kuni Ozarboyjonning Zangilon tumani, Oqband qishlog‘i va Eron o‘rtasidagi chegara hududida avtomobil ko‘prigi va chegara-bojxona infratuzilmasi qurilishiga ramziy tamal toshi qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu bilan Ozarboyjon Noxchivonga Eron orqali yo‘lak qurishga kirishdi.

Azertac davlat axborot agentligi xabariga ko‘ra, yo‘lak mamlakatlar hududi orqali tranzit yuk tashishni ko‘paytirishga xizmat qiladi hamda Noxchivon Muxtor Respublikasiga kirish va chiqishni osonlashtiradi.

Qurilish «Ozarboyjon va Eron hukumatlari o‘rtasida Eron hududi orqali Ozarboyjonning Sharqiy Zangezur iqtisodiy rayoni va Noxchivon Muxtor Respublikasi (NMR) o‘rtasida yangi aloqa yo‘lagini yaratish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi»ga muvofiq boshlandi.

Bu hududda avtomobil yo‘lidan tashqari temir yo‘l ko‘prigi ham qurilishi rejalashtirilgan. Barcha ishlar bir yil ichida yakunlanishi aytilmoqda.

Yo‘lak qurilgach, davlat chegarasidagi nazorat-o‘tkazish punkti orqali har kuni 1,1 ming yengil avtomobil, 30 avtobus va 15 ming kishi o‘tishi kutilmoqda.

Ozarboyjon va uning tarkibiga kiruvchi Noxchivon Muxtor Respublikasini Armaniston hududi ajratib turadi. Biroq, Armaniston o‘z hududi orqali yo‘lak qurilishiga rozilik bermadi. Shundan so‘ng, Ozarboyjon va Eron o‘rtasida shu haqda kelishuvga erishildi.

Mavzuga oid