O‘zbekiston | 14:33 / 13.10.2023
8782
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda imkoniyati cheklangan insonlar qanday qo‘llab-quvvatlanyapti?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bugun dunyoda 1 milliarddan ortiq odam nogironlikdan aziyat chekadi. Bu dunyo aholisining, taxminan, 15 foizini tashkil etadi. O‘zbekistonda ham bunday toifadagi odamlar soni kam emas. Nogironlarga qulay sharoit yaratish, ularga ta’lim berish, munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash masalasi nihoyatda dolzarbdir. 

Nogironlar qanday qo‘llab-quvvatlanyapti? 

Nogironning hayoti sog‘lom odamning hayotidan tubdan farq qiladi. Misol uchun ular ta’lim olishda muayyan muammolarga duch kelishmoqda. Nogironlar uchun ish topish ancha qiyin, chunki aksariyat hollarda ular mehnatga layoqatli odamning ishini bajara olmaydi. Afsuski, bu toifadagi odamlar jamiyat tomonidan yaratilgan to‘siqlarga ham duch kelishadi. Shularni inobatga olgan holda O‘zbekistonda ham nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, to‘siqsiz muhit yaratish, jamiyatning to‘laqonli a’zosi qilish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

Masalan, ularni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga (budjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamg‘armasida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno) har bir xodim uchun 6 oy davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida subsidiya ajratilmoqda. Bunda, 2022 yilda mingga yaqin ish beruvchilarga 1805 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilganligi uchun subsidiya ajratilgan bo‘lsa, joriy yilning 1 sentabr holatiga 659 ta ish beruvchilarga 1412 nafar nogironligi bor shaxslarni ishga qabul qilganligi uchun 6 oygacha BHM 1,5 baravari miqdorida subsidiya berildi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, nogironlik pensiya va nafaqalarining eng kami miqdori 747 ming so‘mga yetkazilib, 2017 yilning boshiga nisbatan 5,1 baravarga o‘sgan.

Shuningdek, 2022 yilning 1 aprelidan boshlab o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga har oyda yangi turdagi parvarishlash nafaqasi joriy etildi. Bugungi kunda ushbu nafaqa miqdori 568 ming so‘mni tashkil etmoqda. Uning joriy etilishi natijasida, 64 mingga yaqin oilalarga parvarishlash nafaqasi to‘lab beriladi.

2023 yil 1 yanvardan boshlab I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga pensiya tayinlanganidan keyin kamida 1 yillik ish staji mavjud bo‘lgan taqdirda ish staji va ish haqini inobatga olgan holda har 2 yilda bir marotaba qayta hisoblab chiqiladi. Natijada, 2023 yilda 75 mingdan ziyod nogironligi bo‘lgan shaxslarning pensiyalari qayta hisob-kitob qilinib, o‘rtacha 300 ming so‘mgacha oshirildi. Shuningdek, kelgusida nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyin mehnat faoliyatini olib borgan 43 mingdan ziyod nogironligi bo‘lgan shaxslarning pensiyalari har 2 yilda (ish staji va oylik ish haqidan kelib chiqib) bir marotaba qayta hisoblab boriladi.

Ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun 2023 yil 1 yanvardan e’tiboran Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha ravishda 275 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi.

«To‘siqsiz turizm» dasturi

2024 yil 1 yanvardan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslarning sayohat qilishlari uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan «To‘siqsiz turizm» dasturi amalga oshiriladi. Dastur doirasida har yili «Sayohat barcha uchun!» loyihasi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ming nafardan nogironligi bo‘lgan shaxslarning respublikaning turizm salohiyati yuqori bo‘lgan shaharlariga bepul sayohatlari tashkil qilinadi.

Shuningdek, turizm, madaniy meros, konsert-tomosha obektlari hamda aeroport, avto va temiryo‘l vokzallarida nogironligi bo‘lgan shaxslarning to‘siqsiz harakatlanishi uchun zarur infratuzilma yaratish mexanizmlari joriy qilinadi.

Mavzuga oid