Iqtisodiyot | 15:36 / 14.10.2023
23245
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari ketma-ket oltinchi oy kamaydi

Sentyabr oyida O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari qariyb 1,65 mlrd dollarga, yil boshidan beri esa 4,7 mlrd dollarga kamaydi. 1 oktabr holatiga zaxiralar 31,04 mlrd dollargacha qisqargan. Bu 2020 yil 1 apreldan beri eng past ko‘rsatkich.

Foto: AP

Markaziy bank O‘zbekistonning xalqaro valuta zaxiralariga oid ma’lumotlarni yangiladi. Unga ko‘ra, 1 oktabr holatiga, O‘zbekistonning rasmiy zaxiralari 31,04 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu – 2020 yil 1 apreldan buyon qayd etilgan eng minimum ko‘rsatkichdir. 

Zaxiralar o‘tgan oyga nisbatan deyarli 1,65 mlrd dollarga, yil boshidan beri esa 4,7 mlrd dollarga kamaydi.

Hisobot davrida oltinning fizik hajmi 12,1 mln troya unsiyadan 12,3 mln troya unsiyaga ko‘paygan bo‘lsa-da, qiymati 23,43 mlrd dollardan 23,05 mlrd dollarga kamaygan. Bu asosan jahon moliya bozorida oltin narxi arzonlashishi bilan bog‘liq. Xususan, 1 sentabr holatiga 1 unsiya oltin bahosi 1939 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, bu 29 sentabr holatiga 1848 dollargacha pasaygan.

Foto: So‘nggi bir oyda oltin narxining o‘zgarishi.

Sentyabr oyida oltin narxi pasayishining asosiy sabablaridan biri AQSh Federal rezerv tizimining qattiq ushlab turilgan pul-kredit siyosati bilan bog‘liq. Bunday holatlarda AQSh davlat obligatsiyalarining potensial investorlar uchun jozibadorligi oshadi, oltin sotib olishga bo‘lgan qiziqish esa pasayadi.

World Gold Council ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning dastlabki 8 oyi davomida O‘zbekiston Markaziy banki 46 tonna oltin sotgan. Bu davrda 25 tonna oltin sotib olingan. Mamlakat zaxiralarining katta qismi oltinda saqlanishi inobatga olinsa, ushbu qimmatbaho metall narxlari o‘zgarishi zaxira aktivlarining umumiy miqdori o‘zgarishiga jiddiy ta’sir o‘tkazadi.

Shuningdek, sentabr oyida xorijiy valuta zaxiralari 8,7 mlrd dollardan 7,4 mlrd dollarga kamaygan. Bu O‘zbekistonning valutadagi aktivlari miqdori e’lon qilina boshlangan 2018 yildan beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkichdir.

O‘zbekiston xalqaro zaxiralarining mamlakat importini qoplash darajasi 2020 yilda 16 oyni, 2021 yilda 15 oyni tashkil qilgan bo‘lsa, ayni paytga kelib mazkur ko‘rsatkich 10 oygacha qisqardi.

Oltin-valuta zaxiralari nima uchun kerak?

Har bir mamlakatning oltin-valuta zaxiralari o‘ziga xos sug‘urtadir. U davlatning milliy iqtisodiyotini ehtimoliy makroiqtisodiy xatarlardan himoya qiladi. Shu bois oltin-valuta zaxiralari qator talablarga javob berishi lozim. Masalan, undan har qanday sohada foydalanish imkoniyati bo‘lishi kerak. Oltin-valuta zaxiralari oson joylashtirilishi va oson olinishi darkor.

Mamlakatlarning oltin-valuta zaxiralaridan quyidagi maqsadlarda foydalanilishi mumkin:

  • to‘lov va savdo balansidagi defitsitni bartaraf etish uchun;
  • inflatsiyani ushlab turish, milliy valutani moliya bozorida qo‘llab-quvvatlashga valuta sotib olish uchun;
  • davlatning tashqi qarzlarini to‘lash uchun;
  • davlatlar o‘rtasidagi hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun.

Oltin-valuta zaxiralari asosan qimmatbaho metallardan (quyma oltin, platina, palladiy, kumush), davlatlararo miqyosda zaxira valutasi sifatida tan olingan xorijiy pul vositalaridan (AQSh dollari, yevro, shveysar franki, yapon iyenasi, funt-sterling) va Xalqaro valuta jamg‘armasi chiqaradigan naqdsiz pul birliklaridan tashkil topadi.

Davlatning oltin-valuta zaxiralari miqdori uning iqtisodiyoti va moliyaviy tizimi holatidan darak beradi, davlatlararo majburiyatlar bo‘yicha to‘lovlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini kafolatlaydi. Xalqaro tashkilotlar tavsiyalariga ko‘ra, rivojlanayotgan davlatlar uchun zaxiralar kamida 3 oylik importni qoplashi kerak.

Mavzuga oid