Jahon | 08:53 / 16.10.2023
9022
3 daqiqa o‘qiladi

Livan-Isroil chegarasi yaqinidagi BMT missiyasi shtabiga raketa kelib tushdi

Livan va Isroil chegarasida so‘nggi kunlarda TsAXAL va Livanning «Hizbulloh» harakati o‘rtasida otishmalar davom etmoqda. 

Foto: JOSEPH EID/AFP

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Livandagi Muvaqqat kuchlari 15 oktyabr, yakshanba kuni Isroil qo‘shinlari va Livandagi «Hizbulloh» harakati o‘rtasidagi otishma chog‘ida Livan janubidagi «Moviy dubulg‘alar» shtabiga snaryad tushgani haqida xabar berdi. Hodisa Isroil bilan chegaradosh Naqura shahrida sodir bo‘lgan. 

«Biz uning qayerdan uchib kelganini aniqlash ustida ishlayapmiz», deya xabar berdi missiya. BMTning Livandagi Muvaqqat kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, zarba vaqtida hech kim jabrlanmagan.

«Biz vaziyatni yumshatish uchun «moviy chiziq»ning har ikki tomonidagi kuchlar bilan faol hamkorlik qilishda davom etamiz, ammo afsuski, bizning sa’y-harakatlarimizga qaramay, harbiy kuchayish davom etmoqda. Biz barcha ishtirokchilarni o‘t ochishni to‘xtatishga va tinchlikparvarlar sifatida bizga yechim topishda yordam uchun ruxsat berishga chaqiramiz», deya qo‘shimcha qildi BMTning Livandagi Muvaqqat kuchlari va 15 oktyabr kuni har ikki tomondan kuchli otishma uyushtirilganini ta’kidladi. 

Isroil Livan bilan chegaradan 4 km uzoqlikda joylashgan hududni o‘qqa tutilgani uchun yopdi 

15 oktyabr kuni Isroil mudofaa kuchlari Livan bilan chegaradagi to‘rt kilometrlik chiziq «Hizbulloh» tomonidan o‘qqa tutilishi sababli yopilganini e’lon qildi. Harbiylar bu bufer zonaga kirish taqiqlanganini ta’kidladi. Chegara hududini yopish qarori ertalab mamlakat shimolidagi Shtula qishlog‘i Livandan o‘qqa tutilganidan keyin qabul qilingan. TsAXAL ma’lumotlariga ko‘ra, hujum oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, to‘rt kishi yaralangan. 

Livanning «Hizbulloh» harakati HAMAS harakatining 7 oktyabr kuni Isroilga amalga oshirgan hujumini qo‘llab-quvvatladi. Shundan so‘ng «Hizbulloh» Livan janubidan Isroilni o‘qqa tuta boshladi. TsAXAL javob zarbalarini berdi.

Mavzuga oid