Jahon | 08:55 / 19.10.2023
9354
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Eron harbiy dasturini qo‘llab-quvvatlaganlarga qarshi yangi sanksiyalar kiritdi

Sanksiyalar Eronda raketa va uchuvchisiz uchoqlar ishlab chiqilishini rag‘batlantirgani uchun joriy qilingan. Cheklovlarga 20 ta yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek, bitta kema kirdi.

AQSh Moliya vazirligi binosi Foto: AP

Vashington Eronning «beqarorlashtiruvchi» ballistik raketa va uchuvchisiz uchish apparati dasturlariga yordam bergani uchun 11 jismoniy shaxs, sakkiz yuridik shaxs va bir kemaga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda 18 oktyabr, chorshanba kuni AQSh Moliya vazirligi tomonidan chop etilgan press-relizda aytiladi.

Hujjatda aytilishicha, Eron, Hongkong, Xitoy va Venesuelada joylashgan bu shaxslar Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusiga, shuningdek, Eron Mudofaa vazirligiga raketa va uchuvchisiz uchoqlarni ishlab chiqarish va tarqatishda moddiy yordam ko‘rsatgan. Ularning AQShdagi aktivlari bloklanadi.

Cheklovlar 18 oktyabrda Eronga qarshi yadroviy kelishuv buzilgani uchun sanksiyalar muddati tugashi munosabati bilan joriy qilinmoqda. «Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik kengashining 2231-rezolyutsiyasi muddati tugashiga qaramay, Qo‘shma Shtatlar Eronning raketalar, uchuvchisiz uchoqlar va boshqa turdagi harbiy qurollarni xarid qilish, ishlab chiqish va tarqatish tahdidiga qarshi turish majburiyatini saqlab qoladi», — deyiladi hujjatda.

Eron bilan aloqalari uchun Rossiya tashkilotlariga qarshi takroriy sanksiyalar

O‘z navbatida, Rossiyaning bir qancha tashkilotlari ham AQSh sanksiyalari ostida qoldi. Ular Eronga qurol yetkazib berish, sotish yoki topshirishda ayblanmoqda.

Cheklovlar «Rosoboroneksport» AJ («Rostex» davlat korporatsiyasining bir qismi), Rossiya Aerokosmik kuchlari, harbiy-transport aviatsiyasi qo‘mondonligi, shuningdek, Rossiya Mudofaa vazirligining 924-sonli uchuvchisiz aviatsiya davlat markaziga nisbatan kiritilmoqda, deyiladi AQSh Davlat departamenti bayonotida. Ularning barchasi avvalroq Amerikaning turli sanksiyalar ro‘yxatida paydo bo‘lgan.

Yevropa Ittifoqi Eronga qarshi sanksiyalarni uzaytirdi 

17 oktyabr kuni YeI yadroviy kelishuv tufayli Eronga qarshi sanksiyalarni uzaytirishini e’lon qildi. Yevropa Ittifoqi Islom Respublikasining yadroviy va raketa dasturlariga aloqador Eron jismoniy va yuridik shaxslarini jazolashda davom etadi. 

Mavzuga oid