AQSh: Jordan Vakillar palatasi rahbari lavozimi uchun kurashdan chiqdi
Tramp tarafdorini AQSh Kongressi Vakillar palatasi rahbari sifatida tasdiqlashga bo‘lgan uchta muvaffaqiyatsiz urinishdan so‘ng respublikachilar Jim Jordan nomzodini qaytarib olishga qaror qildi.
Ohayo shtatidan bo‘lgan respublikachi kongressmen Jim Jordan o‘z nomzodini tasdiqlash uchun uchta muvaffaqiyatsiz urinishdan so‘ng AQSh Vakillar palatasi spikeri lavozimi uchun kurashni tark etdi. Bu haqda 20 oktyabr, juma kuni CNN va The Hill xabar berdi. Ularga ko‘ra, Jordan nomzodini qaytarib olish to‘g‘risidagi qaror Respublikachilar partiyasining yopiq ichki konferensiyasida qabul qilingan.
Ohayolik kongressmenning muvaffaqiyatsizligi sobiq prezident Donald Trampning Respublikachilar partiyasida kechayotgan jarayonlarga ta’siri cheklanganini ko‘rsatdi, deb ta’kidlaydi CNN. Jordan nafaqat Vakillar palatasida respublikachilarning o‘ng qanoti yetakchisi, balki Trampning ittifoqchisi va Oq uy sobiq rahbari uning nomzodini qo‘llab-quvvatlagan.
Endi respublikachilar Kongress quyi palatasi spikeri lavozimiga yangi nomzod ko‘rsatishi kerak. Nomzodlar 23 oktyabr oqshomida taqdim etilishi kutilmoqda, ertasi kuni esa ulardan birini Vakillar palatasi rahbarligiga ko‘rsatish bo‘yicha ovoz berish jarayoni bo‘lib o‘tadi.
Ukrainaga yordam - tahdid ostida
Respublikachilar partiyasining yana bir vakili Kevin Makkarti spikerlik lavozimidan chetlashtirilgach, 3 oktyabrdan beri AQSh Kongressi Vakillar palatasi ishi deyarli falaj ahvolda. Parlament quyi palatasida ko‘pchilikni tashkil etgan Makkarti partiyadoshlarining noroziligi vaqtinchalik budjet to‘g‘risidagi qonun loyihasi qabul qilinishiga sabab bo‘ldi. Ushbu hujjat, jumladan, ba’zi demokratlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi - shundan so‘ng Makkarti Bayden ma’muriyatini Respublikachilar partiyasi manfaatlariga zarar yetkazgan holda qo‘llab-quvvatlaganlikda ayblandi.
Shu bilan birga, 20 oktyabr kuni AQSh prezidenti Kongressdan Ukraina va Isroilga yordam berish uchun 75 milliard dollar ajratishni so‘radi. Vakillar palatasidagi beqaror vaziyat Bayden so‘ragan mablag‘lar qachon tasdiqlanishini oldindan aytishni qiyinlashtiradi. Shu munosabat bilan Oq uy rahbari «mayda» va «yovuz» partiya siyosati «buyuk davlat sifatida» Qo‘shma Shtatlarning «mas’uliyati yo‘lida to‘sqinlik qilmasligi» kerakligini ta’kidladi.
Spikerlik uchun kurashdan chiqib ketgan Jim Jordan Kiyevga yordamni oshirishga qarshi. Uning ta’kidlashicha, «amerikaliklar ongida asosiy muammo Ukraina emas, balki AQSh chegaralaridagi vaziyat va ko‘chalardagi jinoyatdir».
Mavzuga oid
22:07
AQSh Rossiya yadro siyosatining o‘zgarishi munosabati bilan o‘z yadro doktrinasini o‘zgartirmaydi
20:58
Baydenning ruxsati urushning borishiga qanday ta’sir qiladi?
18:44
Ukraina ATACMS raketalari bilan Rossiya hududiga birinchi zarbani berdi
16:15