Jahon | 13:06 / 26.10.2023
5666
2 daqiqa o‘qiladi

Robert Fitso Slovakiya bosh vaziri etib tayinlandi

«Yo‘nalish – Sotsial-demokratiya» partiyasi yetakchisi Robert Fitso to‘rtinchi bor Slovakiya hukumatini boshqaradi. U Ukrainaga qurol yetkazib berishni to‘xtatish tarafdori. 

Robert Fitso Foto: SCANPIX/REUTERS/RADOVAN STOKLASA

Slovakiya prezidenti Zuzana Chaputova parlament saylovlarida g‘alaba qozongan «Yo‘nalish – Sotsial-demokratiya» partiyasi yetakchisi Robert Fitso boshchiligidagi respublikaning yangi hukumatini tayinladi. 25 oktyabr, chorshanba kuni Bratislavadagi Prezident saroyida bo‘lib o‘tgan vazirlar mahkamasini tayinlash bo‘yicha tantanali marosim mahalliy OAV tomonidan efirga uzatildi. 

«Biz konstruktiv hukumat bo‘lamiz. Siz Slovakiyaning suveren tashqi siyosatini ko‘rasiz», dedi Fitso marosim chog‘ida. 

Shu kuni Slovakiya parlamenti saylovdan keyingi birinchi majlis uchun yig‘ildi. Uning raisligiga hukumat koalitsiyasiga kiruvchi «Ovoz – sotsial-demokratiya» partiyasi yetakchisi Piter Pellegrini saylandi. U va Fitso partiyasidan tashqari koalitsiyaga rossiyaparast pozitsiyalarni himoya qiluvchi Slovakiya milliy partiyasi ham kirdi. 

Fitso Rossiya bilan munosabatlarni yaxshilamoqchi 

Saylov kampaniyasi davomida Robert Fitso uning rahbarligi ostida Slovakiya «Ukrainaga bitta patron ham bermasligini» aytdi. Shu bilan birga, u Rossiya bilan munosabatlarni yaxshilashga chaqirdi. Saylovda g‘alaba qozonganidan so‘ng, Fitso Slovakiyada hozirda Ukrainadan ko‘ra «jiddiyroq muammolar» borligini ta’kidladi va tinchlik muzokaralari tarafdori ekanini aytdi. 

Fitso 2006 yildan 2010 yilgacha va 2012 yildan 2018 yilgacha Slovakiya bosh vaziri lavozimida ishlagan. Shu bilan birga, u ikki marta Slovakiya milliy partiyasi bilan hukumat tuzgan, u ham Ukrainaga keyingi harbiy yordamga qarshi. 

Mavzuga oid