O‘zbekiston | 13:51 / 27.10.2023
7311
5 daqiqa o‘qiladi

Probatsiya nazoratidagi shaxslarga elektron braslet taqish va yechish tartibi belgilanmoqda

Senatorlar tomonidan “Probatsiya to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.

Foto: Senat.uz

2021 yilda probatsiya bo‘linmalari nazorati ostidagi shaxslar tomonidan 1086 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 845 tani, 2023 yilning 9 oyida esa 353 tani tashkil qilgan.

Ta’kidlanishicha, bugungi kunda sud tomonidan tayinlangan axloq tuzatish, ozodlikni cheklash, muayyan huquqdan mahrum qilish va majburiy jamoat ishlari jazolarini ijro etish, shuningdek, shartli hukm qilingan va jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslarning xulq-atvori ustidan nazorat qilishni tartibga soluvchi yagona normativ-huquqiy hujjat mavjud emasligi huquqiy bo‘shliq va ayrim hollarda ziddiyatlarga olib kelmoqda.

Shu boisdan, qonun bilan probatsiyani amalga oshirish sohasidagi munosabatlar, jumladan probatsiya tizimining asosiy tushunchalari, probatsiya nazoratidagi shaxslarning huquqiy holati, probatsiya nazorati va ijtimoiy moslashtirish shakllarini qo‘llash tartibi, probatsiya nazoratidagi shaxslarning xulq-atvorini baholash mezonlari, ularga nisbatan elektron kuzatuv vositasini qo‘llash masalalari tartibga solinmoqda.

Xususan, probatsiyani amalga oshirish sohasida Hukumat, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamentining vakolatlari aniq belgilab qo‘yilyapti. Probatsiya nazoratini amalga oshirishga ko‘maklashuvchi sub’yektlar jumlasiga mehnat organlari, davlat sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish organlari va sog‘liqni saqlash muassasalari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda uning hududiy bo‘linmalari, ta’lim sohasidagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va ta’lim tashkilotlari, Yoshlar ishlari agentligi va uning hududiy bo‘linmalari kiritilmoqda.  

Shuningdek, qonunda probatsiya nazoratidagi shaxslarga ijtimoiy va huquqiy yordam ko‘rsatish, jumladan, tuman (shahar) probatsiya bo‘linmalarining vakolatlariga kirmaydigan ijtimoiy va huquqiy masalalar bo‘yicha probatsiya nazoratidagi shaxslarga tuman (shahar) probatsiya bo‘linmalarining yo‘llanmasi asosida davlat organlari tomonidan ijtimoiy va huquqiy yordam ko‘rsatilishi nazarda tutilmoqda.

Qonun bilan probatsiya nazoratidagi shaxslarning xulq-atvori ustidan nazorat qilish uchun elektron kuzatuv (elektron braslet) vositasini taqish va yechish hamda foydalanish tartibi ham belgilanyapti. Jumladan, elektron kuzatuv vositasi (elektron braslet) o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarga, homilador ayollarga, uch yoshga to‘lmagan bolalari bor ayollarga, birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga, tibbiy ko‘rsatmalarga ko‘ra elektron kuzatuv vositasini (elektron brasletni) taqish tavsiya etilmaydigan boshqa shaxslarga qo‘llanilishi mumkin emas.

Qonunning ijtimoiy-huquqiy ahamiyati katta. Probatsiya xizmati amalda ishlayapti, samara beryapti. Muayyan tajriba to‘plangan. Tahlillar, xulosalar bor.

 Xususan,oxirgi uch yilda probatsiya bo‘linmalari nazorati ostidagi shaxslar tomonidan qayta jinoyat sodir etilishi holatlari sezilarli ravishda kamaymoqda Bu yaxshi, biroq probatsiya xizmati samaradorligi faqat bu bilan o‘lchanmaydi.

Xorijiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, probatsiya xizmati muhim ijtimoiy funksiyani ham bajarishi lozim. Mazkur yo‘nalishning alohida yaxlit Qonun bilan tartibga solinishi ko‘p jihatdan ham shu omil bilan bog‘liq.

E’tiborlisi, Qonunda probatsiya nazoratidagi shaxslarni ijtimoiy moslashtirish, tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatish, xulq-atvorini baholash, ijtimoiy, huquqiy, tibbiy, psixologik yordam ko‘rsatish, davolash, o‘qitish, kasb-hunarga o‘rgatish, ishga joylashtirish oid o‘ta dolzarb ijtimoiy ahamiyatga ega normalar belgilanmoqda. Ya’ni, ushbu yo‘nalishda ustuvor maqsad - murakkab hayotiy vaziyatga tushgan har qanday insonni jamiyatga to‘la to‘kis qaytarishdir.

Qonundan ko‘zlangan maqsadga erishishning eng samarali yo‘li esa – undan odamlarning xabardorligini ta’minlash barobarida huquqni qo‘llash amaliyotini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishdir. Mas’ul vazirlik, idoralardan aynan ana shu jihatlarga jiddiy e’tibor qaratishlari talab etiladi”, deya ta’kidlagan Senat raisi Tanzila Norboyeva.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Mavzuga oid