O‘zbekiston | 16:29 / 28.10.2023
18397
2 daqiqa o‘qiladi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent tuman sudi raisi lavozimidan olindi

Mirali Mirrahimov jinoyat ishlari bo‘yicha Angren shahar sudi sudyasi lavozimiga o‘tkazilgan. U avvalroq Qozog‘iston fuqarosini ayblash to‘g‘risida asossiz hukm chiqargani bilan esga olingandi.

Sudyalar oliy kengashining navbatdagi yig‘ilishida lavozim tayinlovlari bo‘yicha qaror qabul qilingan. Unda, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati, Toshkent tumani sudi raisi Mirrahimov Mirali Mahmutjonovich (muddat tugashi munosabati bilan) egallab turgan lavozimidan ozod etilib, sudyalik vakolati muddati davrida jinoyat ishlari bo‘yicha Angren shahar sudining sudyasi lavozimiga qayta tayinlangan.

Uning o‘rnini jinoyat ishlari bo‘yicha Quyi Chirchiq tuman sudining raisi Jo‘rayev Bahodir Abdimurodovich egalladi.

Mirali Mirrahimov jamoatchilikka Kun.uz maqolalari orqali tanish.

Foto: Toshkent viloyat IIB YHXB axborot xizmati

M.Mirrahimov Toshkent tuman IIB xodimlari tomonidan doimiy ravishda ta’qib qilib kelingan Qozog‘iston fuqarosini “sobiq turmush o‘rtog‘ini haqorat qilganlikda” ayblab, hukmi chiqargan. Keyinchalik bu hukm yuqori instansiya sudida bekor qilinib, Qozog‘iston fuqarosi oqlangan.

E’tiborlisi, bir harf ustida ketayotgan bahs hamon to‘xtamagan. Kun.uz’ning holatdan yaxshi xabardor bo‘lgan sud tizimidagi yaqin manbasining ma’lum qilishicha, chiqarilgan bu oqlovni bekor qilish va hukmni kuchida qoldirish uchun shaxsan Mirali Mirrahimov Oliy suddagi hamkasblari qo‘llovidan foydalanayotgan bo‘lishi mumkin.

Mirali Mirrahimovning lavozimidan olinishi va birmuncha pastroq lavozimga tayinlanishi sabablari ochiqlanmagan. Biroq, manbaning aytishicha bunga ijtimoiy tarmoqlarda unga nisbatan e’tirozlarning ko‘payib ketgani sabab bo‘lgan. Shu bois shu lavozimga yangi muddatga tayinlash maqsadga muvofiq emas deb topilgan.