Prezident Toshkent aeroporti, unga olib boruvchi yo‘llarni ko‘zdan kechirdi
Shuningdek, mutasaddilarning Toshkent shahridagi iqtisodiy va ijtimoiy soha obektlarining kuz-qishga tayyorgarlik holati yuzasidan hisobotini tingladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 oktyabr kuni Toshkent shahrida kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish, transport infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish maqsadida qator obektlarga tashrif buyurdi.
Davlat rahbari mazkur yo‘nalishlardagi ishlarning borishi hamda bunyodkorlik jarayonlari bilan tanishuvni Toshkent xalqaro aeroportiga olib boruvchi yo‘l o‘tkazgichdan boshladi.
Qayd qilinishicha, Bobur ko‘chasi bo‘ylab Kichik halqa yo‘li va temir yo‘l ustidan o‘tgan ko‘prikka yondosh yana bir estakada qurilmoqda. U yig‘ma monolit uslubida. Qurilish bitgach, ko‘prikning eni 46 metrga yetadi. Bir kecha-kunduzda 20 ming transportni o‘tkazish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Ilgari bu ko‘rsatkich 9-10 ming atrofida edi.
Ko‘prik yonida 2 ta aylana, 4 ta yoysimon shakldagi chiqish-tushish yo‘li barpo etilmoqda. Bu qayrilib olish xavfini yo‘qotib, boshqa yo‘llardagi harakatga qo‘shilishni osonlashtiradi. Shuningdek, ko‘prik ustida piyodalar va velosipedlar yo‘laklari ham kengaytirildi.
Prezident bu yerdagi qurilish jarayoni bilan tanishdi. Tutash yo‘llarda ham piyodalar va avtomobillar harakatiga qulayliklarni oshirish, atrofni ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Ayni kunlarda Toshkent xalqaro aeroportining yana bir terminali rekonstruksiya qilinmoqda. Loyihaga ko‘ra, binoning tashqi va ichki ko‘rinishi milliy tusda pardozlanadi, kirish-chiqish yo‘laklari kengaytiriladi. Mehmonlarni kutib olish va ularga xizmat ko‘rsatish uchun qulayliklar oshiriladi. Shuningdek, terminalga yondosh hududlar obodonlashtiriladi.
Davlat rahbari ushbu qurilish va obodonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi. Yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash va tezkorligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, mutasaddilarning iqtisodiy va ijtimoiy soha obektlarining kuz-qishga tayyorgarlik holati yuzasidan hisoboti tinglandi. Bu boradagi ishlarni jadallashtirish va sifatli yakunlash yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Mavzuga oid
20:03 / 18.11.2024
Yevropaning eng gavjum aeroporti nomi e’lon qilindi
19:31 / 14.11.2024
Aeroportga ishga joylashtirish evaziga 1,5 ming dollar olgan xodim ushlandi
11:49 / 06.11.2024
Ayrim shaxslarga temiryo‘l transporti va avtobus uchun bepul chiptalar beriladi
16:28 / 01.11.2024