Jahon | 10:13 / 04.11.2023
12549
3 daqiqa o‘qiladi

Isroil Rossiyani Suriyaga zarbalar haqida oldindan ogohlantirishni to‘xtatdi

Suriyadagi obektlarga Isroil Rossiyani oldindan xabardor qilmagan holda amalga oshirilgan bir nechta hujumlar ma’lum, deb yozadi Bloomberg. Bu holat Isroil va Rossiya o‘rtasidagi shusiz ham murakkab munosabatlarni yomonlashtiradi, deya ta’kidlaydi agentlik.

Foto: AP

HAMAS guruhiga qarshi harbiy operatsiya boshlanganidan so‘ng Isroil Suriyadagi Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan qurolli guruhlarga qarshi zarbalarni kuchaytirdi, shuningdek, Rossiyani Suriya hududiga hujumlar haqida ogohlantirmay qo‘ydi. Bu haqda Bloomberg 3 noyabr, juma kuni manbalarga tayanib yozdi

Shu tariqa, 30 oktyabr kuni Isroil harbiy aviatsiyasi Suriya janubi-g‘arbidagi Deraa viloyatidagi harbiy bazani bombardimon qildi. Manbalarga ko‘ra, avvalroq u yerga Suriya qo‘shinlarini Eron va uning tarafdorlarining Isroil bilan chegaradagi harakatlariga yo‘l qo‘yilmasligi haqida ogohlantiruvchi varaqalar tashlab yuborilgan. 

Undan besh kun oldin Isroil Suriya janubidagi qurol-yarog‘ omboriga zarba berib, 10 dan ortiq suriyalik askar va zobitni o‘ldirgan edi. Rossiya harbiy politsiyasi xodimlari vaqti-vaqti bilan bazaga tutash hududda bo‘lib turadi, biroq ular Isroil hujumi paytida u yerda bo‘lgani yoki bo‘lmagani noma’lum. 

Bloomberg suhbatdoshlariga ko‘ra, Isroil bu ikki zarba haqida Rossiyani oldindan xabardor qilmagan. 

Agentlik suhbatdoshlarining qayd etishicha, bu holat Isroil va Rossiya o‘rtasidagi shu paytgacha murakkab bo‘lgan munosabatlarni yomonlashtirmoqda, bundan tashqari, Suriyaning Isroil va HAMAS tashkiloti o‘rtasidagi yangi urush frontiga aylanishi xavfi bor. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. 

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 9 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid