AQSh Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi harbiy hamkorlikdan xavotirda
Qo‘shma Shtatlar va Janubiy Koreya tashqi ishlar vazirlari Shimoliy Koreya tahdidlariga qarshi turish uchun kengaytirilgan tiyib turish strategiyasini amalga oshirishni muhokama qildi.
AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Rossiya va KXDR o‘rtasidagi harbiy hamkorlik kuchayib borayotganidan xavotir bildirdi. 9 noyabr, payshanba kuni Janubiy Koreya poytaxti Seulga tashrifi chog‘ida Blinken koreyalik hamkasbi Pak Chinning «jiddiy xavotirlari»ni tushunishini aytdi. Ikki davlat tashqi siyosat idoralari rahbarlari, shuningdek, Shimoliy Koreyadan kelayotgan tahdidlarga qarshi kurashish uchun kengaytirilgan tiyib turish strategiyasini amalga oshirish va Yaponiya bilan strategik hamkorlikni chuqurlashtirish masalalarini muhokama qilgan.
«Bizning uch davlat Shimoliy Koreya raketalarini uchirish ma’lumotlarini real vaqt rejimida almashish, uch tomonlama mudofaa mashqlari va Shimoliy Koreyaning zararli kiberfaoliyatiga qarshi kurashish sa’y-harakatlari orqali birgalikdagi javob choralarini yaxshilash bo‘yicha choralar ko‘rmoqda», deya ma’lum qildi Blinken va Park.
Janubiy Koreya va Qo‘shma Shtatlar Xitoyni KXDR va Rossiya tomonidan olib borilayotgan «qurol savdosi»ni to‘xtatishga ko‘ndirish uchun harakat qiladi, dedi Pak Chin. AQSh, Janubiy Koreya va Yaponiya allaqachon Shimoliy Koreya Rossiyaga qurol va harbiy texnika yetkazib berayotganini tanqid qilib chiqqan. Shimoliy Koreyadan yuk tashish hajmining ortishi bundan dalolat beradi. Rossiya va Shimoliy Koreya sentabr oyida yaqinroq harbiy hamkorlikka kelishib olgan bo‘lsa-da, Moskva va Pxenyan bu ta’minotni rad etib kelyapti.
Entoni Blinkenning Janubiy Koreyaga ikki kunlik tashrifi 2022 yil may oyida inauguratsiya marosimi o‘tkazilgan prezident Yun Sok Yol davridagi birinchi safar bo‘ldi. Davlat kotibi oxirgi marta Koreya yarimorolining janubida 2021 yil martida bo‘lgan edi. Tashrif Blinkenning Yaponiya va Yaqin Sharqqa kelishini o‘z ichiga olgan Osiyoga yirik safarining bir qismidir.
Mavzuga oid
21:54 / 18.11.2024
Tramp noqonuniy migrantlarni ommaviy deportatsiya qilish rejasi borligini tasdiqladi
21:08 / 18.11.2024
Oq uy Ukrainaga AQSh qurollari bilan Rossiyaga zarba yo‘llashga ruxsat berilganini tasdiqlamadi
20:14 / 18.11.2024
Ukraina ATACMS bilan Rossiya hududlariga zarba berishi mumkin. Bu nimani o‘zgartiradi?
17:22 / 17.11.2024