Chexiya Rossiyaning barcha davlat aktivlarini muzlatib qo‘ydi
Chexiya Rossiyaning xorijdagi ko‘chmas mulklarini boshqaradigan «Goszagransobstvennost» federal davlat unitar korxonasiga qarshi sanksiyalar kiritdi. Kompaniyaning mamlakatdagi barcha aktivlari muzlatildi va Chexiyada mulkni ijaraga berish taqiqlandi.
Chexiya hukumati Rossiya davlatiga tegishli xorijdagi ko‘chmas mulklarni boshqaradigan «Goszagransobstvennost» federal davlat unitar korxonasini milliy sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqda 15 noyabr, chorshanba kuni Chexiyaning CTK axborot agentligi xabar berdi. Chexiyadagi xorijiy davlat mulkining barcha aktivlari muzlatildi va ushbu korxonaning mamlakatdagi har qanday tijorat faoliyati, shu jumladan ko‘chmas mulkni ijaraga berishi taqiqlab qo‘yildi, deya tushuntirdi mamlakat tashqi ishlar vaziri Yan Lipavskiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Chexiyada Rossiyaga tegishli ko‘chmas mulkning aksariyati Praga va Karlovi Varida joylashgan. Lipavskiy aniqlik kiritishicha, ushbu mulkni ijaraga olgan odamlar va kompaniyalar undan foydalanishda davom etishi mumkin, ammo ijara haqi Rossiya rasmiylari foydalana olmaydigan hisobraqamiga tushadi. «Bu bilan Rossiya urushini moliyalashtirgan tijorat faoliyati tugatiladi», deb ta’kidladi Chexiya TIV rahbari X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida.
Lipavskiy qo‘shimcha qilishicha, Chexiya hukumatining mamlakatdagi Rossiya davlat mulkini muzlatish haqidagi qarori Rossiya elchixonasining diplomatik faoliyat uchun foydalaniladigan ko‘chmas mulkiga taalluqli emas. Gap, xususan, elchixonaning o‘zi va elchi qarorgohi haqida bormoqda.
Kiyev Praganing qarorini olqishladi
«Chexiya Rossiyaning barcha davlat aktivlarini muzlatib qo‘ydi. Men bu fundamental qadamni olqishlayman hamda hamkasbim va do‘stim Yan Lipavskiyga minnatdorchilik bildiraman. Buni amalga oshirmagan barcha davlatlar Chexiyadan o‘rnak olishi kerak. Rossiya pullari vayronagarchilik uchun emas, balki Ukrainani tiklashga yo‘naltirilishi kerak», deb yozdi tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba X ijtimoiy tarmog‘ida.
Chexiya Rossiyaning xorijiy ko‘chmas mulkini muzlatib qo‘ygan birinchi davlat bo‘ldi. Lipavskiyning aytishicha, mamlakat hukumati bu tajribani butun Yevropa Ittifoqiga tatbiq etishga intiladi. Chexiya diplomatiyasi rahbari Rossiyadan javob choralari kutilmayotganini qo‘shimcha qildi: «Menda Chexiyaning Moskvada shunga o‘xshash aktivlari borligi haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Eng muhimi, biz qo‘shnilarimizga qarshi tajovuzkor urush olib borayotganimiz yo‘q, shuning uchun qaysi asosda javob choralari qo‘llanishi mumkinligini aniqlab bo‘lmayapti».
27 oktyabr kuni Yevropa Ittifoqining 27 davlati Yevropa komissiyasi va Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat xizmatidan Ukrainaga yordam berish uchun Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan foydalanish bo‘yicha takliflar tayyorlashni so‘ragani ma’lum bo‘ldi. Avvalroq Belgiya Ukrainaga Rossiya aktivlaridan tushgan 1,7 milliard yevro soliqlarni taqdim etishi to‘g‘risida xabarlar tarqalgandi. Kremlga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainada harbiy harakatlar boshlashi ortidan g‘arb davlatlarining turli bank hisoblarida 300 milliard dollarga yaqin mablag‘ muzlatib qo‘yilgan.
Mavzuga oid
21:08
Oq uy Ukrainaga AQSh qurollari bilan Rossiyaga zarba yo‘llashga ruxsat berilganini tasdiqlamadi
20:14
Ukraina ATACMS bilan Rossiya hududlariga zarba berishi mumkin. Bu nimani o‘zgartiradi?
20:09
Rossiyalik aktyor va rejissyor O‘zbekistonning «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi
18:08