Jahon | 11:24 / 17.11.2023
5158
3 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjon AQShda Armaniston bilan muzokara o‘tkazishdan bosh tortdi

Boku Ozarboyjon va Armaniston tashqi ishlar vazirlarining Qo‘shma Shtatlardagi uchrashuvidan bosh tortdi va davlat kotibi yordamchisining so‘zlaridan so‘ng Vashingtonni «noxolislikda» aybladi. Uchrashuvda ikki davlat munosabatlarini normallashtirish masalalari muhokama qilinishi rejalashtirilgan edi.

Foto: MEDIA.AZ

Ozarboyjon va Armaniston tashqi ishlar vazirlarining 20 noyabr kuni AQSh poytaxtida o‘tkazilishi rejalashtirilgan uchrashuvi bekor qilindi. Ozarboyjon TIV 16 noyabr, payshanba kuni ma’lum qilishicha, «Vashingtonning noxolis pozitsiyasi» tufayli Boku unda ishtirok etishdan bosh tortdi. Uchrashuvda Armaniston-Ozarboyjon munosabatlarini normallashtirish masalalari muhokama qilinishi kerak edi.

Ozarboyjonning rad javobiga AQSh davlat kotibining Yevropa va Yevrosiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi Jyeyms O`Brayyenning bir kun avval aytgan so‘zlari sabab bo‘ldi. U Vakillar palatasining Tog‘li Qorabog‘ masalasi bo‘yicha tashqi ishlar qo‘mitasida so‘zlagan nutqida, «tinchlik sari olg‘a siljish» ko‘rinmagunicha, AQSh bilan Ozarboyjon munosabatlari «19 sentabr voqealaridan keyin normal holatga qaytmaydi», dedi. Boku O`Brayyenning so‘zlarini «teskari, asossiz va qabul qilib bo‘lmaydigan» deb atadi. Ozarboyjon Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, «AQShning bir tomonlama yondashuvi Janubiy Kavkazda ikki davlat o‘rtasidagi mojaroda uning vositachi rolini yo‘qotishiga olib kelishi mumkinligini» ta’kidladi.

Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha mojaro

Ozarboyjon va Armaniston 30 yildan ortiq vaqtdan beri qarama-qarshilikda. SSSR parchalanganidan keyin har ikki davlat Ozarboyjonning Bokudan mustaqilligini e’lon qilgan, asosan, etnik armanlar yashaydigan Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha kelishmovchilikni hal qila olmadi. Ushbu to‘qnashuv bir nechta qurolli to‘qnashuvlarga, shu jumladan ikkita keng ko‘lamli urushga olib keldi.

Ozarboyjon 19-20 sentabr kunlari ikki kunlik harbiy amaliyotlar natijasida Tog‘li Qorabog‘ni to‘liq o‘z nazoratiga oldi. O‘shandan beri mintaqada yashovchi 120 ming etnik armanning deyarli barchasi Armanistonga chiqib ketdi.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok 3 noyabr kuni Yerevanda safari chog‘ida Armaniston va Ozarboyjonni mojaroga siyosiy yechim topish uchun muzokara stoliga qaytishga chaqirdi.

Mavzuga oid