O‘zbekiston | 18:58 / 17.11.2023
8816
6 daqiqa o‘qiladi

Prezident Surxondaryoni rivojlantirishda mavjud konlarni ishga solishni buyurdi 

Sariosiyoda qo‘rg‘oshin, rux, oltin va oq marmar, Boysun va Sariosiyoda ko‘mir, Sherobodda kaliy o‘g‘iti zaxiralarini o‘zlashtirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi. 

17 noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Termiz shahrida Surxondaryo viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi. 

Qayd qilinishicha, hozir viloyatda iqtisodiy salohiyatning yarmidan ham foydalanilmayapti. 

– Surxondaryoda juda katta iqtisodiy salohiyat, yerosti va yerusti boyliklari, mard, mehnatkash xalqi bor. Hozircha bu salohiyatning yarmidan ham foydalanilmayapti. Sharoit yaratib, ish o‘rni, investitsiya, eksport va tushumni karra-karra oshirish lozim, – dedi davlat rahbari. 

Shu bois kelgusi yili viloyatda 1,5 milliard dollar investitsiya olib kelib, sanoatda 12 trillion so‘m mahsulot ishlab chiqarish, eksportni 500 million dollarga yetkazib, 100 million dollar importni qisqartirish vazifalari ko‘rsatib o‘tildi. 400 ming aholini band qilish viloyat va tuman hokimlarining asosiy vazifasi bo‘lishi kerakligi aytildi. 

Viloyatga investitsiya jalb qilish va sanoatni rivojlantirishdagi eng katta zaxira – bu mavjud konlarni ishga solish ekani ta’kidlandi. 

Sariosiyoda qo‘rg‘oshin, rux, oltin va oq marmar, Boysun va Sariosiyoda ko‘mir, Sherobodda kaliy o‘g‘iti zaxiralarini o‘zlashtirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi. Tog‘li hududlarda geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish vazifasi qo‘yildi. 

Surxondaryo o‘zining tabiiy tuproq-iqlim sharoiti bilan ertaki mahsulotlarni yetishtirishda birinchi o‘rinda bo‘lishi mumkin. Lekin, hosildorligi yuqori urug‘ va ko‘chat bilan ta’minlashda muammolar bor. Shu bois Qishloq xo‘jaligi vazirligiga 10 ta tumanda in vitro laboratoriyalarini tashkil qilish topshirildi. 

Kelgusi yilda dala chetlarida quritish va saralash uskunalari hamda 70 ta kichik sovutkichlar o‘rnatiladi. 100 ming gektarda ixcham issiqxonalar tashkil qilib, barra piyoz, brokkoli, rozmarin, rukkola, qizil rayhon, yalpiz kabi eksportbop ekinlar yetishtiriladi. 

Angor, Jarqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on, Oltinsoyda 6 ta saqlash, quritish va saralash markazi, Termiz tumanida Janubiy Koreya bilan birga 50 million dollarlik logistika xabi tashkil etilishi belgilandi. 

Ingichka tolali g‘o‘za 15 foizgacha kam suv talab qiladi va erta pishadi. Shu bois bunday g‘o‘za navlari maydonini 50 ming gektargacha kengaytirish, uni qayta ishlashni 30 foizga yetkazish, molekulyar genetika va seleksiya bo‘yicha qo‘shma loyiha va zamonaviy laboratoriya tashkil etishga topshiriq berildi. 

Yig‘ilishda suv tanqisligi muammosiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Surxondaryoda 80 foiz yerlar nasos orqali sug‘oriladi. Suv tannarxi 2 barobar qimmatga tushayapti, yiliga 20 million kilovatt soat elektr behuda sarflanayapti. 

– Suv tekin emas, degan g‘oyani aholiga chuqur singdirish, uni mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar va keng jamoatchilik bilan birga kundalik turmush qoidasiga aylantirish lozim, - dedi prezident. 

Mutasaddilarga 47 ta kanalni betonlash bo‘yicha ikki yillik dastur ishlab chiqish, suv yo‘qotilishi ko‘p bo‘lgan 6 tasini ta’mirlash bo‘yicha topshiriq berildi. 

Viloyatning turizm salohiyati ham yuqori. Bu yerda 600 dan ziyod madaniy meros va turizm manzillari bor. Hozirda “Dalvarzintepa” yodgorligida ochiq osmon muzeyini tashkil qilish bo‘yicha ish boshlangan. 

Buni davom ettirib, Boysundagi “Boybuloq”, “Teshiktosh” va “Machay” g‘orlari, Uzundara qal’asini ham shunday muzeylarga aylantirish kerakligi ta’kidlandi. Sheroboddagi “Xatak” g‘ori va Zarautsoy qoyatoshiga xorijiy olimlar ekspeditsiyasi jalb etiladi. Sangardak kabi yana 10 ta mahalla turizm qishlog‘iga aylantiriladi. 

“Omonxona” sanatoriyasi ta’mirlanib, quvvati kengaytiriladi. Yana bitta yangi sanatoriy ham quriladi. Boysun, Oltinsoy, Sariosiyo va Sherobodda dor yo‘li, mehmonxona va savdo xizmatlarini tashkil qilish bo‘yicha 200 million dollarlik loyihalar amalga oshiriladi. 

Yig‘ilishda ijtimoiy masalalarga ham alohida e’tibor qaratildi. 

Kasalliklarning oldini olish uchun har bir mahalla va dorixonalarda fitobarlar tashkil qilish, uy sharoitida qilinadigan mashqlar dasturi va sog‘lom ovqatlanish menyusini ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi. 

“Boysun”, “Shalola”, “Boychechak”, “Bulbuligo‘yo” kabi badiiy jamoalarning xalqaro festivallarda ishtirok etishiga ko‘maklashish, doston va termalarning “Oltin fondi” yaratish zarurligi aytildi. 

Surxon yoshlarini sportga jalb etishni kengaytirish bo‘yicha alohida qaror qabul qilinishi belgilandi. 

Yig‘ilish davomida vazirlar va hokimlar, ziyolilar, tadbirkorlarning fikr va takliflari eshitildi.

Mavzuga oid