Jahon | 15:30 / 20.11.2023
5266
4 daqiqa o‘qiladi

Finlandiya migrantlar oqimi tufayli Rossiya bilan chegara punktlarini kuchaytirmoqda

Finlandiya Yaqin Sharq davlatlaridan boshpana izlovchilar soni ortib borayotgani bilan kurashmoqda. U Rossiyani migrantlarni olib kelganlikda ayblayapti.

Foto: Vesa Moilanen/dpa/Lehtikuva/picture alliance

Finlandiya hukumati «Vartius» nazorat-o‘tkazish punktida Rossiyadan kelayotgan muhojirlar bilan bog‘liq vaziyat tufayli chegarachilarga yordam berish uchun qurolli kuchlarni yubordi. Bu haqda 19 noyabr, yakshanba kuni chegara posti boshlig‘i kapitan Youko Kinnunen Yle media-kompaniyasiga ma’lum qildi. 

Chegara punktida vaqtinchalik himoya chorasi sifatida harbiylar chegara hududida to‘siqlar o‘rnatishni boshladi. Bir kun avval «Vartius» nazorat-o‘tkazish punkti xodimlari mahalliy vaqt bilan soat 18:00 da nazorat-o‘tkazish punkti tungi vaqtda yopilishidan oldin migrantlar oqimi ko‘paygani haqida xabar bergan edi. 

Chegara punkti yopilganidan keyin yana 20 nafar boshpana izlovchi nazorat punktiga velosipedda yetib kelgan. Finlandiya chegarachilariga ko‘ra, odamlarni Finlandiyaga olib ketishga to‘g‘ri kelgan, chunki rus chegarachilari ularni qaytarib qabul qilmagan. Ular asosan Somali fuqarolari bo‘lgan.

Migrantlar Finlandiya tomon yo‘l olishga majbur qilingan

Yle ma’lumotlariga ko‘ra, «Vartius» chegara o‘tish joyida Finlandiyaga kelgan ba’zi boshpana izlovchilar o‘z xohishiga qarshi Rossiyadan «chegaraning narigi tomoniga surilgan». Chegarani kesib o‘tganlar Rossiyani tark etishdan bosh tortgan, biroq chegarachilar ularni «Rossiya chegara postidan Finlandiya tomon itarib yuborgan», keyin esa ularning ortidan darvozani yopgan, shu sababli Rossiya hududiga qaytish imkonsiz bo‘lib qolgan, dedi «Vartius» chegara posti boshlig‘i Youko Kinnunen. Uning so‘zlariga ko‘ra, migrantlar 20 kishidan iborat kichik guruhlarda olib kelingan.

Finlandiya Rossiya bilan chegaradagi nazorat-o‘tkazish punktlarini yopdi 

Finlandiya 18 noyabrga o‘tar kechasi Rossiya bilan janubi-sharqiy chegarasidagi to‘rtta chegara o‘tkazish punktini yopdi. Mamlakat rasmiylari migratsiya inqirozi sababli «Imatra», «Niirala», «Nuyyamaa» va «Vaalimaa» chegara punktlarini 18 fevralga qadar yopishga qaror qildi. 
 
Bunday qarorga uchinchi davlatlardan Rossiya hududidan Finlandiyaga noqonuniy muhojirlar oqimining keskin oshgani sabab bo‘lgan. Helsinki Rossiya tomonini buni uyushtirganlikda ayblab, bu 2015 yilda ham sodir bo‘lganiga ishora qildi. Finlandiya prezidenti Sauli Niinistyo bir kun oldin mamlakat «Rossiyadan bunday harakatlarga» tayyor ekanini aytdi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bu ayblovlarni rad etdi.

So‘nggi kunlarda Iroq, Suriya, Yaman va boshqa Yaqin Sharq davlatlarining yuzlab fuqarolari Finlandiyaga borish uchun Rossiya chegarasini kesib o‘tdi, deb yozadi YLE News. Avgust oyidan beri boshpana uchun ariza beruvchilar soni ortib bormoqda, biroq ularning aksariyatida Finlandiyaga kirish uchun kerakli hujjatlar yo‘q. Finlyandiya chegara qo‘riqlash xizmati rahbari o‘rinbosari Markku Hassinenning aytishicha, rasmiylar buni «aniq tashkil etilgan» deb hisoblaydi, chunki «u o‘z-o‘zidan paydo bo‘lishi mumkin emas». «Bu milliy xavfsizlikka jiddiy tahdid bo‘lib, sharqiy chegara hududidagi hukumatlar faoliyatiga og‘ir yuk bo‘lib tushmoqda», dedi Hassinen.

Mavzuga oid