Jahon | 16:00 / 21.11.2023
7039
11 daqiqa o‘qiladi

Libertarian g‘oyasi nima o‘zi va Xaviyer Miley unga nechog‘lik sodiq?

«Men liberal libertarianman. Falsafa nuqtayi nazaridan men bozor anarxistiman». 2021 yilda hali deputat bo‘lib turganida, bugungi kunga kelib Argentinaning saylangan prezidenti Xaviyer Miley o‘ziga shunday baho bergan edi. U saylovlarning ikkinchi turida iqtisodiyot vaziri Serxio Massa ustidan ishonchli g‘alaba qozondi.

Foto: BBC

O‘zining bu pozitsiyasini u 2022 yilda chop etilgan «Libertarian yo‘li» kitobida aks ettirgan va unda «siyosiy kasta» deb ataluvchilardan jamiyatning noroziligini baholash va qabul qilish yo‘llarini tasvirlagan.

Saylangan prezident, 53 yoshli iqtisodchi-roker ko‘p yillardan beri Argentina televizon dasturlarida balandparvoz va janjalli chiqishlari bilan omma diqqatini o‘ziga jalb qilib kelayotgan edi.

«Men bu jinoyatchilarni quvib solmoqchiman», qabilidagi gaplar bilan Miley tiyiqsiz inflatsiya kabi asosiy muammolarni hal etishni eplay olmayotgan an’anaviy siyosiy kuchlardan hafsalasi pir bo‘lgan yoshlar va o‘rta sinfning qo‘lloviga ega bo‘ldi.

Uning Markaziy bankni «portlatib yuborish», «jamoat ishlari»ga chek qo‘yish, subsidiyalarni qisqartirish va o‘qotar qurol olib yurishga ruxsat berish kabi va’dalari garchi libertariandan kutilayotgan narsalarga o‘xshab ketayotgan bo‘lsa-da, bu mojaroli siyosatchining boshqa bayonotlari shubhalanishga asos bo‘la oladi, deyiladi BBC maqolasida.

Libertarianlik g‘oyalari ingliz Jon Lokk kabi faylasuflarga borib taqaladi.

Libertarianlik nima?

Libertarianlik — bu siyosatdagi falsafiy oqim bo‘lib, «individual erkinlikni oliy siyosiy qadriyat» darajasiga ko‘taradi, — deb yozgan edi klassik libertarianlikni targ‘ib etuvchi xususiy tadqiqot va ma’naviyat markazi Katon institutining sobiq vitse-prezidenti Devid Boaz.

«Libertarian insonlarni ma’lum bir ishlashga majburlash, masalan, boshqa insonlarning erkinliklariga daxl qilishdan tiyish mumkinligini tan oladi. Biroq, libertarian uchun hattoki bu uning farovonligi uchun xizmat qilishi tayin bo‘lsa ham boshqalar uchun ishlashga majburlash aslo mumkin emas», — deya tushuntiradi Stenford universiteti falsafa ensiklopediyasi.

Bu oqim Yevropada XVIII asr o‘rtalarida boshlangan va XIX asr boshlarigacha davom etgan Ma’rifat harakatiga borib taqaladi.

Aynan o‘sha davrda fransuz Monteskyo, ingliz Jon Lokk va shotland Adam Smit azaliy, keyinchalik ustun mavqega ega bo‘lgan, bir guruh insonlarning meros huquqi yoki diniy sabablarga ko‘ra o‘z istaklarini boshqalarga joriy etishini shubha ostiga oluvchi nazariyalar va g‘oyalar ustida ish boshlashgan.

Libertarianlik AQSh mustaqillikka erishishi bilan yangi impuls oldi, chunki asoschi-otalalar yangi mamlakat fuqarolariga keng huquqlar taqdim etishdi

Bugunga kelib, dindorlar va zodagonlar qatorida, libertarianlik ham demokratik hukumatlarning vakolatlarini cheklashga intilmoqda.

«Libertarianlar shaxs erkinligini hurmat qilish adolatning markaziy talabi, deb hisoblaydi. Ulargsha ko‘ra, insoniy munosabatlar o‘zaro rozilik asosiga qurilishi kerak. Libertarianlar erkin hamkorlik jamiyati, tolerantlik va o‘zaro hurmatni yoqlashadi», — deb yozgan amerikalik faylasuf Jyeyson Brennan Avstriya iqtisodiy fikrlar maktabi doirasida.

Bularning barchasidan kelib chiqadiki, libertarianlar davlatga shubha bilan qarashadi hamda uni agressiv va keraksiz deb bilishadi. Britaniya ensiklopediyasining tushuntirishicha, «jamiyatda ayrim tartib shakllari markaziy rahbarliksiz, o‘z-o‘zidan tabiiy paydo bo‘ladi».

Shu sababga ko‘ra libertarianlar alaloqibatda mojarolarni hal qiluvchi va insonlar o‘rtasidagi farqni yo‘q qiluvchi qandaydir tizim (hukumat, qonunlar va h.k.) bo‘lishi shart degan liberallardan ajralib chiqishgan.

«Men davlatni dushman deb bilaman. Liberalizm odamlarni monarxlarning zulmidan ozod qilish uchun yaratilgan; bizning holatimizda bu davlat», — degan Miley, va aftidan, Argentinada ko‘pchilik libertarianlikning bu asosiy postulatiga rozi.

Amaliyotda libertarian bo‘lish nima degani?

Erkin bozor, xususiy mulkni himoya qilish, davlatni ma’lum bir funksiyalar bilan cheklashni ilgari surish bilan libertarianlar siyosiy spektrning o‘ng qanotiga borib joylashishdi.

Miley Argentina iqtisodiyotini dollarlashtirishni yoqlaydi

Biroq libertarian mafkurasining boshqa asosiy unsurlari so‘l kuchlar tomonidan qabul qilingan, ularning orasida jinsiy hayot va narkotik bilan bog‘liq individual erkinlikni htimoya qilish, shuningdek, patsifizm (urushni yoqlamaslik) ajralib turadi.

Kanton instituti sobiq rahbari, sotsiolog Felipe Benitesning BBC’ga ta’kidlashicha, libertarianlar so‘l va o‘ng doktrina o‘rtasidagi eski siyosiy bo‘linishni aslo qabul qila olmaydi. Ular har bir insonning erkinligini markazga joylashtirishadi.

«Libertarianlar insonning o‘z tanlovi, harakatlari va tanasi ustidan mutlaq nazoratga ega ekanligini nazarda tutuvchi «o‘z-o‘ziga egalik huquqi» tushunchasi nuqtayi nazaridan individual erkinlikning zarur hajmini aniqlashtirib olishga urinishgan», — deya bog‘liqlikni tushuntiradi Boaz.

Miley prezident rasmiy qarorgohi Kasa Rosadoga ko‘chib o‘tgach, narkotik iste’mol qilish muammosi uning asosiy ishi bo‘lmasligini aytib o‘tgan.

«Narkotiklar bu — ... muddati uzaytirilgan o‘z-o‘ziga suiqasd. Agar kayf qilmoqchiman, marhamat, bilganingni qil, lekin mendan pul so‘rama», — degan u.

Ayrim siyosiy liderlar, masalan Ronald Reygan ham jamiyatda davlat rolini qisqartirish zarur bo‘lganda libertarianlarning g‘oyasini qurol qilib olgan.

Bu harakatning izdoshlari qurolli mojarolarga qarshi chiqishadi, chunki urush o‘lim va keng ko‘lamli vayronagarchiliklar keltirib chiqaradi, oilaviy va iqtisodiy hayotni barbod qiladi, hukmron sinf qo‘liga yanada ko‘proq hokimiyat tutqazadi, deya eslatadi Kanton instituti sobiq rahbari.

Benitesning so‘zlariga ko‘ra, libertarianlik «zo‘ravonlikni zaruriyatsiz qo‘llashni ko‘rarga ko‘zi yo‘q fikr yo‘nalishidir».

Miley ham bu so‘nggi prinsipga sodiqligini ko‘rsatdi va 1982 yilgi Folklend urushini qattiq tanqid qildi hamda uning hukumati garchi oson vazifa bo‘lmasa ham, muloqot yo‘li bilan muammoni hal qilishini aytdi.

«Agar siz orollar kuni kelib yana Argentinaning bir qismi bo‘lishini istasangiz, bu juda uzoq muzokaralarni talab qilishini, Argentina buning evaziga qandaydir qiziqroq narsa taqdim etishi kerakligini tushunishingiz lozim. Siz Buyuk Britaniya bilan bir stolga o‘tirib gaplashishingiz, orolda yashayotganlar bilan vaziyatni muhokama qilishingiz kerak», — degan u 2022 yilgi intervyusida.

Xaviyer Miley. Foto: Reuters

Libertarianmi yoki populist?

Mileyning chinakam libertarian ekanini shubha ostiga oluvchi asosiy sabab uning abortlar masalasidagi pozitsiyasi.

«Men abortlarga qarshiman, chunki hayotni yuqoridan berilgan ne’mat deb hisoblayman. Ayol kishi o‘z tanasini tasarruf qilishi mumkin, lekin uning bachadoni ichidagi hayot boshqa tana, boshqa shaxs», — degan yangi saylangan prezident.

Aynan mana shu sababga ko‘ra, siyosiy texnologiyalar bo‘yicha ekspert Karmen Beatris Fernandes Miley libertarian unvoniga mos emasligi, u ko‘proq «neopopulist yoki o‘ng avtoritarizm vakili» ekanini ta’kidlaydi.

«Klassik libertarian — iqtisodiy sohada, shuningdek, shaxsiy va individual erkinliklar borasida liberal pozitsiyalarga ega bo‘lgan inson. Men Miley klassik libertarian deya olmayman, garchi u Avstriya iqtisodiy fikr maktabining iqtisodiy g‘oyalari propagandachisi bo‘lsa ham», — degan Navarra universiteti professori Karmen Beatris Fernandes.

Siyosatshunos Giliyermo Tell ham boshqacharoq nuqtayi nazarga ega va u  Mileyni bu siyosiy harakatning «eng qimmatli» vakillaridan biri, deb hisoblaydi.

«U televizon dasturlarda sharhlovchi, Kongressda deputat bo‘lib ishlaganida uning budjet va muayyan siyosat kabi masalalardagi tanqidlari davlatning xatti-harakatlari bilan bog‘liq bo‘lgan, binobarin u libertarian unvoniga to‘liq mos keladi», — degan Karakasdagi Venesuela universiteti yuridik va siyosiy tadqiqotlar fakulteti dekani Giliyermo Tell Aveledo.

Mileyning abortlar borasidagi pozitsiyasi libertarian tezislariga zid. FOTO: GETTY IMAGES

Aveledo bu holatda Mileyning konservativ pozitsiyalari va boshqa ziddiyatlar uning «haqiqiy libertarian» sifatida tan olinishiga to‘sqinlik qilishini ta’kidlab o‘tgan.

Shu sababli olim uni «paleolibertarian» (konservativ libertarian) yoki «anarxo-kapitalis», ya’ni, jamiyat davlatga ehtiyojsiz faqat bozor yordamida faoliyat ko‘rsata olishi mumkin deb hisoblovchi kishi, deb ataydi.

«Haqiqiy libertarian davlat va prezident ofisi ham bo‘lmasligi uchun kurashadi, uning o‘zi esa shu lavozim uchun kurashdi», — deydi ekspert.

Benites, esa o‘z navbatida, saylangan prezident bu mafkuraga to‘la mos kelishini ta’kidlaydi.

«Xaviyer Miley — libertarian kabi fikrlovchi iqtisodchi, u fikrlarini libertarian kabi bayon qiladi, uning hukumat dasturi o‘ta libertariancha», — deydi Benites.

Mileyning populizamda ayblanishiga to‘xtalar ekan, Benites populizm faqat bir holatda — agar u boshqaruv usuliga aylansa bo‘y ko‘rsatishini aytgan.

«Ayni paytda unda faqat demagogik yondashuv borligini e’tirof etish mumkin, xolos. Lekin demokratiyaga har tarafdan hujum bo‘lib turgan sharoitda g‘alaba uchun real imkoniyat bo‘lib turganida kim ham demagogiyadan voz kecha oladi?» — deya savol qo‘yadi u.

Dam olish kunlarida erishilgan g‘alabadan so‘ng Miley o‘z va’dalariga sodiq qoladimi-yo‘qmi, sekin-asta bo‘y ko‘rsata boshlaydi, ana shundan so‘ng barcha shubha-gumonlar tarqaladi. 

Mavzuga oid