Zelenskiy Trampning tinchlik rejasini muhokama qilishga tayyorligini aytdi
Agar Tramp prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonsa, Zelenskiy u bilan Ukrainadagi urushni tugatish yo‘llarini muhokama qilishga tayyor.
Agar Donald Tramp AQSh prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonsa, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya va Ukraina o‘rtasida sulh tuzish bo‘yicha uning aniq takliflarini muhokama qilishga tayyor. Zelenskiy bu haqda 22 noyabr, chorshanba kuni Fox News telekanaliga bergan intervyusida aytdi.
«Keling, u bilan gaplashamiz, uning tinchlik formulasida qanday qadamlar borligini ko‘rsatish imkoniyatini beraylik. Men tayyorman, albatta (muloqot qilishga). Agar uning aniq tinchlik rejasi bo‘lsa, men bilan bo‘lishishi mumkin», - deya javob berdi Zelenskiy boshlovchining Tramp takliflari haqidagi savoliga. «Ha, agar biz Donbass va Qrimni Rossiyaga bersak, bu urushni to‘xtata olamiz. Menimcha, bizning mamlakatimiz bunday tinchlik rejasiga tayyor bo‘lmaydi. Bu tinchlik rejasi emas», - deya ta’kidladi prezident.
Trampning «tinchlik rejasi»
AQSh sobiq prezidenti, yana bu lavozimga da’vogarlik qilayotgan Donald Tramp agar hokimiyat tepasiga kelsa, Ukrainadagi urushni «24 soat ichida» to‘xtatishini aytdi. Bu yozda u shu maqsadda Zelenskiy va Putinga ultimatum qo‘yishini aytdi. «Men Zelenskiyga: «Yetarli. Siz bitim tuzishingiz kerak», deyman. Putinga esa: «Agar kelishuv tuzmasangiz, biz unga ko‘p narsani beramiz. Agar kerak bo‘lsa, olganidan ham ko‘proq beramiz», deyman. Men bir kunda bitimga erishaman. Bir kunda», dedi Tramp.
Zelenskiy bunga javoban Trampga 24 daqiqa ichida AQSh sobiq prezidenti «bu mojaroni boshqara olmasligini» tushuntirishi mumkinligini aytdi. Zelenskiy 20 noyabr kuni The Sun nashriga bergan intervyusida Donald Tramp bilan muzokara stoliga o‘tirishga va agar u AQSh prezidenti etib saylansa, tinchlik rejasini tinglashga tayyorligi haqida gapirdi. Uning qayd etishicha, ukrainaliklar urushdan charchagan, biroq Rossiya bilan tinchlik shartnomasi bo‘yicha muzokaralarni qo‘llab-quvvatlamayapti.
Mavzuga oid
20:44 / 17.11.2024
Marko Rubio - bo‘lajak davlat kotibi. U Trampga yoqish uchun qarashlarini keskin o‘zgartirgan senator
17:22 / 17.11.2024
Tramp Afg‘onistondan AQSh qo‘shinlarini olib chiqqanlarni jazolamoqchi – OAV
21:19 / 16.11.2024
Tramp Oq uy tarixidagi eng yosh matbuot kotibini tayinladi
11:22 / 16.11.2024