Shavkat Mirziyoyev SPeKA sammitida yettita tashabbusni ilgari surdi
Prezident SPeKA dasturining Maqsadli jamg‘armasini tashkil etishni tezlashtirish, mintaqaviy savdoni rag‘batlantirish, Transkaspiy multimodal yo‘lagi, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha takliflar berdi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyo iqtisodiyoti uchun maxsus dasturi — SPeKA sammitida nutq so‘zladi.
Davlat rahbari nutqining avvalida Toshkentda asos solingan mazkur muhim platforma Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda mintaqaviy sheriklikning amaliy mexanizmi sifatida o‘zining nihoyatda zarurligini yaqqol ko‘rsatganini ta’kidladi. Uning doirasida tijorat, kommunikatsiya, transport va logistika, raqamlashtirish, energetika, suv resurslari, ekologiya, gender tengligi va boshqa sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan 400 dan ortiq loyiha hayotga tatbiq etilganini qayd qildi.
O‘zbekiston prezidenti hozirgi global geosiyosiy beqarorlik sharoitida zamonaviy tahdidlarga qarshi samarali kurashish uchun mintaqaviy hamkorlikni yanada kuchaytirish, davlatlar o‘zaro bir-birini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi lozimligini ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyev bu borada quyidagi 7 ta asosiy yo‘nalishga e’tibor qaratishni so‘radi.
Birinchidan, O‘zbekiston SPeKA dasturini yanada ta’sirchan mintaqaviy platformaga aylantirish tarafdori, «SPeKA–2030» taraqqiyot konsepsiyasini ishlab chiqish lozim.
Ikkinchidan, Dastur doirasida Mintaqaviy savdoni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqish maqsadga muvofiq. So‘z, eng avvalo, mavjud to‘siqlarni bartaraf etish va eksport-import operatsiyalarini texnik tartibga solish choralarini uyg‘unlashtirish borasida jahondagi eng ilg‘or tajriba va amaliyotlarni joriy etish haqida ketmoqda.
Uchinchidan, SPeKA Maqsadli jamg‘armasini tashkil etishni tezlashtirish va kelgusi yilning o‘zida uning amaliy ishini yo‘lga qo‘yish. Jamg‘arma xalqaro taraqqiyot institutlari bilan faol ishlashi, ustuvor loyiha va dasturlarga moliyaviy resurslar va grant mablag‘larini eng maqbul shartlarda jalb etishi lozim. O‘zbekiston ham uni shakllantirish uchun o‘z moliyaviy hissasini qo‘shishga tayyor.
To‘rtinchidan, O‘zbekiston Transkaspiy multimodal yo‘lagi bo‘yicha ma’lumot va hujjatlar almashish jarayonini raqamlashtirishga qaratilgan «yo‘l xaritasi»ni hayotga to‘liq tatbiq etish tarafdori. Bu borada O‘zbekiston kelgusi yilning boshida mamlakatlar transport vazirlari, logistika kompaniyalari, yuk tashuvchilari, yirik sanoat korxonalari rahbarlari hamda sohaning yetakchi ekspertlari ishtirokida «Raqamli transport marshrutlari» xalqaro forumini o‘tkazishga tayyor.
Beshinchidan, oziq-ovqat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha yuqori darajadagi maxsus ishchi guruhini tuzish va uning ilk uchrashuvini kelgusi yili Samarqandda o‘tkazish taklif etildi. Ushbu tadbirning kun tartibidan yetakchi agrosanoat korxonalari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish va qo‘shimcha qiymat zanjirlarini yaratish, ilmiy-texnologik almashuvlarni rag‘batlantirish va resurslarni tejaydigan ilg‘or yechimlarni joriy etish, «ekspress» yo‘laklarni ishga tushirish kabi masalalar asosiy o‘rin egallaydi.
Oltinchidan, suv, energetika, ekologiya va qishloq xo‘jaligi sohalari o‘zaro uzviy bog‘liq ekanidan kelib chiqib, SPeKA keng ko‘lamli yangi konseptual hujjatini – ko‘p tomonlama «Yashil strategiyasi»ni qabul qilish vaqti keldi.
Yettinchidan, SPeKA doirasida ishbilarmon xotin-qizlarning faol tashabbuslarini va aniq rejalarini doimiy va tizimli rag‘batlantirish maqsadida SPeKA Tadbirkor ayollari kengashini tuzish taklif etildi. Shuningdek, Kengash doirasida mamlakatlarimiz ravnaqi va iqtisodiy taraqqiyotiga, umumiy hamkorligimizga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan ayollarni «SPeKA e’tirofi» xalqaro mukofoti bilan taqdirlash ham taklif etildi.
Shu bilan birga, Shavkat Mirziyoyev hamkasblariga, Yevropa iqtisodiy komissiyasi va ESKATO rahbariyatiga murojaat etib, SPeKA dasturi doirasida Afg‘oniston bilan ishchi aloqalarni o‘rnatish va hamkorlikni qayta tiklashga chaqirdi.
«Ushbu mamlakatni o‘z muammolari bilan yakka qoldirish mumkin emas. Amaldagi hukumat bilan xalqaro muloqot o‘rnatilmasa, hech qanday ijobiy natijaga erishib bo‘lmaydi», dedi prezident.
Shavkat Mirziyoyev so‘zining yakunida O‘zbekiston xalqlarning barqaror taraqqiyoti va farovonligini ta’minlash maqsadida BMT mintaqaviy dasturi doirasidagi ko‘p tomonlama sheriklikka sodiqligini yana bir bor tasdiqlashini ta’kidladi.
Mavzuga oid
16:16 / 16.11.2024
Ekspertlar: BMTning iqlim bo‘yicha konferensiyalari «maqsadlarga mos kelmaydi»
17:25 / 15.11.2024
2050 yilga borib Markaziy Osiyo muzliklarining uchdan bir qismi erib ketishi mumkin
17:11 / 15.11.2024
Ilon Mask Eronning BMTdagi elchisi bilan maxfiy uchrashuv o‘tkazgani ma’lum bo‘ldi
17:42 / 14.11.2024