O‘zbekiston | 20:17 / 28.11.2023
15357
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston TIV xodimi Farg‘ona viloyati hokimiga o‘rinbosar bo‘ldi

Farg‘ona viloyati hokimiga investitsiyalar bo‘yicha yangi o‘rinbosar tayinlandi.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi

Nuriddin Mamajonov Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari – viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.

Bugun, 28 noyabr kuni viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda viloyat hokimining tegishli qarori o‘qib eshittirilib, Nuriddin Mamajonov viloyat hokimining o‘rinbosari sifatida tanishtirildi.

Nuriddin Yoqubjonovich Mamajonov 1982 yil 27 iyulda Quvasoy shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini hamda Markaziy Bogema universitetini (Praga) tamomlagan. Yevropa amaliy fanlar va menejment institutida (Praga) Biznes boshqaruv doktori (DBA) ilmiy darajasini olgan.

Mehnat faoliyati davomida Tashqi ishlar vazirligi va Adliya vazirligida turli mas’ul lavozimlarda ishlagan. O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasida, Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasida faoliyat olib borgan. 2022-2023 yillarda O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasida savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchi bo‘lgan.

Nuriddin Mamajonov tayinlovga qadar TIV Iqtisodiy diplomatiya va madaniy hamkorlik departamenti direktorining birinchi o‘rinbosari – Xalqaro iqtisodiy tashkilotlar va xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.

2021 yil may oyidan Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari – viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan Iqboljon Ergashev 2023 yil noyabrida Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlangandi.

Mavzuga oid