Jahon | 11:51 / 28.11.2023
5743
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya gazi yana Chexiyaga yetkazib berilmoqda

Ayrim treyderlar oktyabr oyida Chexiyaga rus gazini import qilishni boshladi. U 2023 yil boshidan buyon mamlakatga yetkazib berilmayotgandi.

Foto: Igor Zehl/CTK/dpa/picture-alliance

Oktyabr oyidan boshlab ayrim treyderlar yana Chexiyaga rus gazini import qilishni boshladi, dedi Chexiya sanoat va savdo vaziri Yuzef Sikela X ijtimoiy tarmog‘ida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2023 yilda mamlakat Rossiya Federatsiyasidan 79,6 million kub metr gaz olgan bo‘lsa, boshqa manbalardan 6,451 million kub metr gaz olingan. Shu tariqa, yil davomida yetkazib berishning umumiy hajmida Rossiya gazining ulushi 1,2 foizni tashkil etdi. 

«Bizga Chexiyaga Rossiya gazining importi kerak emas - bu qish uchun hech qanday muammosiz zaxira yaratdik. Biroq shu haftada ERO (Chexiya regulyatori)ning oylik ma’lumotlaridan bilib oldikki, oktyabr oyidan beri ba’zi treyderlar Rossiyadan gazni import qila boshladi», - dedi Chexiya Sanoat vazirligi rahbari. 

Uning tushuntirishicha, Rossiya gazining Yevropa Ittifoqiga importi sanksiyalarga duchor bo‘lmaydi, chunki ba’zi davlatlar hali ham unga qaram holatda. «Ammo, menimcha, oxirgi iste’molchilar gazni Rossiyada sotib olgan yetkazib beruvchilardan olayotgan bo‘lsa, bu haqda xabardor qilinishi to‘g‘ri», - dedi vazir.

Sikelaning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi voqealarni inobatga olgan holda, «milliy darajada cheklovchi choralarni joriy etish yoki Yevropa Ittifoqi doirasida harakatlarni muvofiqlashtirishni davom ettirish haqida o‘ylash kerak». Shu bilan birga, uning fikricha, Chexiya Rossiya gaziga qaramlikdan qutulgan - 2022 yil oxirigacha mamlakatga gazning qariyb 97 foizi Rossiya Federatsiyasidan kelgan, biroq Praga Ukraina urushi tufayli undan voz kechishga qaror qilgan.

Shu bilan birga, ekspertlar so‘nggi oylarda Rossiyaning Chexiyaga yetkazib berish hajmi sezilarli darajada oshganini qayd etmoqda. Shu tariqa, Trinity Bank bosh iqtisodchisi Lukash Kovanda Bloomberg ma’lumotlariga tayanib, oktyabr oyi boshidan beri Lanjgotdagi yuk tashish stansiyasida yetkazib berish hajmi ortganini aytdi. Unga ko‘ra, hozir Chexiyaga import qilinadigan gazning 40 foizi Rossiyadan kelyapti.

Mavzuga oid