Jahon | 11:08 / 29.11.2023
4701
2 daqiqa o‘qiladi

Finlandiya Rossiya bilan quruqlikdagi chegarasini butunlay yopdi

Finlandiya, Helsinkining fikricha, Moskva tomonidan uyushtirilgan noqonuniy muhojirlar oqimi tufayli Rossiya bilan quruqlikdagi chegarasini ikki haftaga yopmoqda.

Foto: Reuters

Finlandiya noqonuniy muhojirlar oqimi tufayli Rossiya bilan quruqlikdagi chegarasini 13 dekabrga qadar butunlay yopyapti, yuk tashish uchun «Vaynikkala» temiryo‘l nazorat punkti bundan mustasno, deya ma’lum qildi Finlandiya bosh vaziri Petteri Orpo 28 noyabr, seshanba kuni.

Shu tariqa, Rossiya bilan chegaradagi oxirgi ishlayotgan nazorat-o‘tkazish punkti - «Raya-Yoosep» ikki haftaga yopiladi. Qolgan nazorat punktlari noyabr oyi davomida yopildi. Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, butun sharqiy chegarani yopish qarori «Finlandiya milliy xavfsizligini Rossiyaning gibrid operatsiyasidan himoya qilish» uchun qabul qilingan. 

Rossiya bilan chegaradagi to‘qqizta nazorat-o‘tkazish punktidan to‘rttasi 18 noyabrga o‘tar kechasi – kamida 2024 yilning 18 fevraliga qadar yopildi. 24 noyabr yarim tundan boshlab Finlandiya-Rossiya chegarasida yana uchta nazorat-o‘tkazish punkti yopildi. 

Finlandiya-Rossiya chegarasida muhojirlar soni ko‘payishi

Joriy yilning avgust oyidan buyon Finlandiyaning Rossiya bilan chegarasida Iroq, Suriya, Yaman, Somali hamda Yaqin Sharq va Afrikaning boshqa davlatlaridan boshpana izlovchilar soni keskin oshgan. Ularning aksariyatida Finlandiyaga kirish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar yo‘q. Noyabr oyi boshidan beri Rossiya-Finlandiya chegarasida bunday muhojirlar soni 600 kishidan ortdi. 

Petteri Orpo aytishicha, hozirgi vaziyatda «Rossiya uchinchi davlat fuqarolaridan shafqatsizlarcha foydalanmoqda». «Bu odamlarni chegaraga siqib chiqarmoqda va ularga qaytishga ruxsat bermayapti», - dedi u. Shu bilan birga, Orpo chegarani butunlay yopish Rossiya manfaatlariga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidladi. «Bu holat tugashi barchaning manfaatiga xizmat qiladi. Finlandiyada yashovchi rossiyaliklarning Rossiyaga bora olmasligi Rossiyaning o‘zi manfaatiga to‘g‘ri kelmaydi», deb ta’kidladi Finlandiya hukumati rahbari. 

Mavzuga oid