O‘zbekiston | 09:42 / 29.11.2023
3512
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya O‘zbekistonga yerlar meliorativ holatini yaxshilashda yordam berishi mumkin 

O‘zbekiston va Germaniya qishloq xo‘jaligini rivojlantirish sohasida hamkorlikni jadallashtirish masalalarini muhokama qilmoqda.

Foto: Dunyo AA

O‘zbekiston elchisi Dilshod Ahadov Germaniya Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi vazirligi parlament davlat kotibi Ofelia Nik bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda "Dunyo".

Muloqot chog‘ida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishida Germaniya bilan hamkorlikni kengaytirish hamda mavjud imkoniyatlardan yanada samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Davlat kotibi Germaniyada iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi oqibatida yuzaga kelgan muammolarga to‘xtalib, qishloq xo‘jaligi sohasida mahsulotlar ishlab chiqarishda yangi va tejamkor texnologiyalarni joriy qilish hamda innovatsion bilim va ko‘nikmalar transferi masalalarida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishning muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, u nemis tomoni ekologik talablarga javob beradigan sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, yerni meliorativ holatini yaxshilash, eroziyaga qarshi kurashish yo‘nalishlarida tajriba almashishga tayyorligini bildirdi.

Suhbat chog‘ida Orol dengizining qurishi jahon miqyosidagi muammo ekanligi ta’kidlandi va bu borada dengizning qurigan tubida  o‘rmonzorlar tashkil qilishda hamkorlikni kengaytirish va yangi loyihalar ishlab chiqish masalasida fikr almashildi.

Yuqorida qayd etilgan va boshqa yo‘nalishlarda aloqalarni jadallashtirish maqsadida GFR Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi vazirligi parlamentar davlat kotibi Ofelia Nik boshchiligidagi delegatsiyaning kelgusi yilda O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi. Tashrif doirasida ikki mamlakatning tegishli vazirliklari o‘rtasida ishchi guruhning 4-yig‘ilishini o‘tkazish, O‘zbekiston va Germaniya oziq-ovqat va agrar sohasidagi kompaniyalar ishtirokida biznes-forum tashkil etish, GFR hukumati ko‘magida Orol bo‘yida qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish hamda yangi loyihalar ishlab chiqish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishga kelishib olindi.

Mavzuga oid