O‘zbekiston | 15:36 / 01.12.2023
7998
2 daqiqa o‘qiladi

Mustaqil izlanuvchilikka hujjat topshirishda til sertifikati talab qilinmaydigan bo‘ldi 

Oliy ta’limdan keyingi ta’limning tanlovlar o‘tkazilmaydigan shakllari – mustaqil izlanuvchilik, ya’ni falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajalariga da’vogarlar uchun til sertifikati talab qilinmaydigan bo‘ldi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Kun.uz’ga ma’lum qildi.

Oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlarining tanlovlar o‘tkazilmaydigan shakllariga (mustaqil izlanuvchilik) hujjat topshirishda talabgorlardan milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikat talab etilmasligi belgilandi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish agentligining Oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlari mavjud ta’lim tashkilotlariga 2023 yil 28 noyabrda jo‘natgan xati e’lon qilindi. Hujjat haqiqiyligini vazirlik matbuot xizmati Kun.uz’ga tasdiqladi.

Bunda tayanch doktorantura, doktorantura, maqsadli tayanch doktorantura va maqsadli doktorantura uchun tanlovlar o‘tkaziladi va belgilangan tartibdagi til sertifikati talab qilinadi. Faqatgina tanlovlar o‘tkazilmaydigan shakllar (mustaqil izlanuvchilik – falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajalariga da’vogarlar uchun til sertifikati talab qilinmaydi.

Ma’lumot uchun, prezidentning 2021 yildagi tegishli qarorida oliy ta’limdan keyingi ta’limga hujjat topshirish uchun filologik yo‘nalishlarda C1, nofilologik yo‘nalishlar uchun esa kamida B2 darajadagi chet tilini bilish sertifikati talab qilinishi belgilab qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, sal oldinroq oliy ta’limdan keyingi ta’lim shakllarida o‘qish istagi borlar Kun.uz'ga murojaat qilib, B1 daraja sertifikati bor talabgorlarni shartli ravishda qabul qilinishini so‘rashgandi. Vazirlik vakili bu bo‘yicha doktorantura yo‘nalishlari uchun qabulda til sertifikatini tabaqalashtirish taklifi ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid