Jahon | 12:22 / 06.12.2023
8066
3 daqiqa o‘qiladi

Fidel Kastroning MRB bilan hamkorlik qilgan singlisi AQShda vafot etdi

Xuanita Kastro Kubaning sobiq yetakchilari Fidel va Raul Kastroning singlisi edi. U Kubadan qochib, Kastro rejimini ag‘darish uchun MRB bilan hamkorlik qilgan.

Xuanita Kastro Foto: Gaston De Cardenas/dpa/picture alliance

Amerikaning Mayami shahrida Kubaning sobiq yetakchilari Fidel va Raul Kastroning singlisi Xuanita Kastro 90 yoshida vafot etdi, deb xabar berdi unga yaqin jurnalist va tarjimai holi hammuallifi Mariya Antoneta Kollinz seshanba, 5 dekabr kuni Instagram’da. «Xuanita Kastro, ajoyib ayol va o‘zi juda yaxshi ko‘rgan Kuba uchun tinimsiz kurashuvchi shaxs bugun olamdan o‘tdi», deb yozadi Kollinz. 

Xuanita Kastro 1933 yilda Kubada tug‘ilgan. Dastlab u akalarining diktaturaga qarshi kurashini va Kubada inqilob g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi, ammo keyin siyosiy raqiblarning o‘ldirilishi va boshqaruvning demokratik tamoyillaridan voz kechgani sababli Fidel va Rauldan hafsalasi pir bo‘ldi. Shundan so‘ng u kubalik dissidentlarga yordam berdi. 1960-yillarning o‘rtalarida Xuanita Kastro orolni tark etib, Mayamiga yo‘l oldi, u yerda dorixona sotib oldi va 2007 yilgacha u yerda ishladi. 

MRB bilan hamkorlik 

Xuanita Kastro o‘z xotiralarida 1961 yilda Amerika razvedka xizmatlariga yollanganini, shundan so‘ng Kubada hokimiyat o‘zgarishiga erishish umidida Markaziy razvedka boshqarmasi bilan uch yil hamkorlik qilganini tan oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, akalari va vatani o‘rtasida tanlov qilishi kerak edi. «Men inqilob tarafdori edim. Men Kuba xalqining aksariyati kabi tarafdor edim. Biz eski zulmga qarshi edik. Lekin bizda hozir eng yomon zulm», - degandi u 1973 yilda Nyu-Yorkdagi mitingda. 

Xuanita Kastro o‘z xotiralarida AQShda Kubadan kelgan muhojirlar jamiyatida o‘z o‘rnini egallash uchun ko‘p vaqt va kuch sarflaganini yozgan. «Hayotimdagi paradoksni kam odam tushunadi. Kubadagilar uchun men dezertirman, chunki ketib, hozirgi rejimni qoralaganman. Mayamidagi ko‘pchilik uchun - «persona non grata»man, chunki Fidel va Raulning singlisiman», - degan u. 

Fidel Kastro 2016 yilda 90 yoshida vafot etdi. Shundan so‘ng Xuanita shahar ko‘chalarida o‘z rahbarining o‘limidan xursand bo‘lgan kubaliklarni qoralab, buni g‘ayriinsoniy deb atadi. Fidel o‘limidan so‘ng Kubani Raul Kastro boshqargan, biroq u 2021 yilda iste’foga chiqqan. Raul Kastro hozir 92 yoshda.

Mavzuga oid