Jahon | 13:26 / 06.12.2023
7389
4 daqiqa o‘qiladi

Gurjistonda g‘oyib bo‘lgan rossiyalik faol Rossiya tergov izolyatoridan topildi

Oktyabr oyi o‘rtalarida Tbilisida g‘oyib bo‘lgan Gurjistonda yashovchi yekaterinburglik faol Rafail Shepelev Rossiya xavfsizlik kuchlari tomonidan o‘g‘irlab ketilib, Sverdlovsk viloyatiga olib ketilgan, deb xabar qildi huquq faollari.

Rafail Shepelev Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

«Pervyy otdel» inson huquqlari loyihasiga ko‘ra, bir necha hafta oldin Gurjistonda g‘oyib bo‘lgan rossiyalik faol Rafail Shepelev Nijniy Tagildagi tergov izolyatorida. U jinoiy ishda terrorchilik tashkiloti faoliyatida ishtirok etish va terrorizmni oqlashda ayblanmoqda, deb xabar qildi 5 dekabr, seshanba kuni huquq himoyachilari.

Shepelev 2021 yildan beri Gurjistonda yashagan va Rossiyaga bormagan

«Shepelev Rossiya xavfsizlik kuchlarining provokatsiyasi qurboni bo‘ldi, uni Tbilisidan Tsxinvali mintaqasiga (tan olinmagan Janubiy Osetiya hududida) aldab olib borib, o‘sha yerda ushlab, Vladikavkazga jo‘nab yuborishgan. U yerda esa ma’muriy qamoqqa jo‘natildi, unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, ehtiyot chorasi qo‘llangan», — deyiladi «Pervyy otdel» xabarida. Keyin Shepelev Sverdlovsk viloyatiga jo‘natildi, bu deyarli bir yarim oy davom etdi, dedi huquq himoyachilari. 

Shepelev 12 oktyabr kuni uyidan chiqib, qaytib kelmagan vaqtida Tbilisida g‘oyib bo‘lgan. Namoyishlarda bir necha bor qatnashgan yekaterinburglik fuqaro 2021 yil sentabridan beri Gurjistonda yashagan va Rossiyaga qaytishni rejalashtirmagan. Uning shaxsiy buyumlari, jumladan, xalqaro pasporti Tbilisida qolgan. Shepelev «terrorchi tashkilot faoliyatida ishtirok etish» moddasi bo‘yicha 20 yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. 

Shunga o‘xshash holatlar - Qirg‘izistonda ham 

Bu rossiyalik faolning xorijda o‘g‘irlab ketilgani bo‘yicha birinchi voqea emas. Noyabr oyi boshida oktyabr oyida Qirg‘izistonda o‘g‘irlab ketilgan va Moskvadagi 2-sonli «Butirka» tergov hibsxonasida topilgan so‘l faol Lev Skoryakinning xuddi shunday ishi haqida ma’lum bo‘lgan edi. 2021 yil oxirida u va uning tarafdori Ruslan Abasov Moskvadagi «FSB» binosi yonida «ChKist kuni muborak» yozuvi tushirilgan bannerni ko‘tarib olib, fayyerlar yoqib yuborgan. Shundan so‘ng faollarga qarshi qurol ishlatish bilan bezorilik moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. 2023 yil boshida sud uni ba’zi xatti-harakatlarini taqiqlab, hibsdan ozod qilganidan so‘ng, erkak Rossiyani tark etdi. Rossiya uni davlatlararo qidiruvga bergan.

2023 yil iyun oyida faol Rossiyaning ekstraditsiya haqidagi iltimosiga binoan Bishkekdagi tergov izolyatoriga joylashtirilgan. Ammo ekstraditsiya rad etildi va Skoryakin qo‘yib yuborildi. Keyinchalik u Germaniyaga insonparvarlik vizasi va Rossiya pasporti o‘rnini bosuvchi yo‘l hujjatini olgan, biroq 16 oktyabrdan 17 oktyabrga o‘tar kechasi noma’lum shaxslar uni o‘zi yashab turgan turar joydan olib chiqib, noma’lum tomonga olib ketgan, deb xabar beradi «Vajnyye istorii». Huquq himoyachilarining fikricha, Lev Skoryakin Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) ko‘magida «FSB» tomonidan noqonuniy ravishda o‘g‘irlab ketilgan.

2023 yil iyun oyida «Vajnyye istorii» «Zona solidarnosti» inson huquqlari tashkilotiga tayanib, Qirg‘izistonda xavfsizlik kuchlari urushga qarshi faol Aleksey Rojkovni Rossiya «FSB»ga topshirgani haqida yozgan edi.

 

Mavzuga oid