Jahon | 19:10 / 08.12.2023
11079
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston yagona soat mintaqasiga o‘tishni rejalashtirmoqda 

Mamlakatning aksariyat hududlarida 1 mart kuni yarim tunda soat millari 1 soat orqaga qaytarilishi rejalashtirilgan. 

Foto: RIA Novosti

Qozog‘istonda Texnik jihatdan tartibga solish va metrologiya qo‘mitasining mamlakatni yagona UTC+5 soat mintaqasiga o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi. 

Agar hujjat tasdiqlansa, g‘arbiy viloyatlardan tashqari barcha hududlarda mahalliy vaqt bir soat orqaga suriladi. 

«Ostona, Olmaota, Chimkent, Abay, Oqmo‘la, Jambil, Jyetisu, Qarag‘anda, Qo‘stanoy, Pavlodar, Shimoliy Qozog‘iston, Turkiston, Ulitov, Sharqiy Qozog‘iston viloyatlari hokimliklari 2024 yil 29 fevraldan 2024 yil 1 martga o‘tar kechasi (soat 00:00) mahalliy vaqtni 1 soat orqaga qaytaradi», deyiladi qaror loyihasida. 

Bir kun avval Savdo vazirligi tasarrufidagi ushbu qo‘mita raisi Quanish Elikboyev innovatsiya birinchi navbatda iqtisodiy sabablarga ko‘ra joriy qilinayotgani haqida aytdi. 

Qozog‘istonda ikkita vaqt mintaqasi mavjud - Atirau, G‘arbiy Qozog‘iston, Mang‘istau va Qizilo‘rda viloyatlarida UTC+5 va boshqa hududlarda UTC+6. Agar qaror kuchga kirsa, mamlakatda xuddi O‘zbekistondagi kabi yagona UTC+5 vaqt mintaqasi amal qiladi. 

Qaror loyihasi 22 dekabrga qadar jamoatchilik muhokamasi uchun ochiq bo‘ladi. 

Ma’lumot o‘rnida, ikkita vaqt mintaqasi O‘zbekistonda ham amalda bo‘lgan va 1991 yil sentabr oyida UTC+5 yagona vaqt mintaqasiga birlashtirilgan.

Mavzuga oid